17:15 / 30.07.2015
2260

2015 yilda 42 ming ko‘ngilli 8 ming keksa insondan xabar oldi

2015 yilda 42 ming ko‘ngilli 8 ming keksa insondan xabar oldi
“Kamolot” YoIH tomonidan o‘tkazilgan matbuot anjumanida “Nuroniylar e'zozimizda” yosh ko‘ngillilar guruhlari va “Avlodlar burchi” loyihasi yakunlari muhokama qilindi.
Yoshlar harakati matbuot markazi vakillari olib borilgan ishlar bo‘yicha videohisobot namoyish etishdi. Loyiha muallifi Gulchehra Ashurova undan ko‘zlangan asosiy maqsadlarga to‘xtalib o‘tdi.
“Biz uch asosiy maqsadni ko‘zladik: yoshlar jamoa transportida keksa insonlarga joy beradimi, bobolar va onalarga yuk ko‘tarishga yordam beradimi, mahalla va jamoatchilik vakillari keksalarni ko‘rgani borib turadimi. Biz bu masalalarda ijobiy o‘zgarishlarni kuzatdik, shu bilan birga, aniqlangan kamchiliklar bu yo‘nalishdagi keyingi harakatlarimiz uchun zamin hozirladi”, – uning so‘zlarini keltiradi Uzbekistan Today nashri.
Bugungi kunda O‘zbekistonda 80dan oshgan 225 ming, 90dan oshgan 44 ming, 100dan oshgan 8 700 kishi yashaydi. Ularga “Kamolot” YoIH birlamchi tashkilotlarining 18 ming vakili biriktirilgan. Ular haftasiga kamida ikki marta keksalardan xabar olib turadi. Bunday tashabbuskor guruhlar asosan maktablar, kollej va litseylar o‘quvchilaridan tuziladi.
Anjumanda ta'kidlab o‘tilishicha, 2015 yilning o‘tgan davrida 42 ming ko‘ngilli 8 ming keksa insondan xabar oldi.

Top