22:29 / 30.07.2015
2430

Italiyalik 62 yoshida hayotida ilk bor shaxsini tasdiqlovchi guvohnoma oldi

Italiyaning Genuya shahrida yashovchi 62 yoshli Petro (familiyasi keltirilmagan) ismli shaxs hayotida birinchi marta shaxsini tasdiqlovchi guvohnoma oldi, deb xabar bermoqda TheLocal.it portali. Nashrning ta'kidlashicha, erkak shu keksa yoshigacha davlat uchun umuman “majvud bo‘lmagan”. Uning mavjudligining yagona rasmiy hujjati 1953 yildan beri shifoxonada saqlangan tug‘ilgani haqidagi guvohnoma bo‘lgan.

Erkak dunyoga kelganda unga Petro ismi berilgan. Erkakning onasi uni boqa olishiga ko‘zi yetmay, uni Redjo-Emiliya shahridagi rohibalar tomonidan boshqariladigan maktabga topshirib yuborgan. Petro o‘z otasini hech qachon ko‘rmagan.

Maktabdan Petroning ro‘yxatdan o‘tganligini biror marta tekshirib ko‘rish so‘ralmagan va italiyalik go‘yoki “ko‘rinmas odam” sifatida ulg‘aygan. Keyinchalik u Genuyaga ko‘chib o‘tgan va 1970 yildan boshlab shartnomasiz ishlab kelgan va uy-joy uchun to‘lovni faqat naqd pulda amalga oshirgan. Petro hech qachon qonun bilan ixtilofga bormagan, biror marta shifoxonaga tushmagan va hech qachon bank hisob raqami ochmagan.

Petroga hujjatlar 2,5 oy avval tibbiy ko‘rikdan o‘tishi kerak bo‘lganda kerak bo‘lib qoldi. Italiyalik shaxsni tasdiqlovchi guvohnomani olishga qaror qildi, biroq FHDYo bo‘limiga o‘z haqida ismi va tug‘ilgan kunidan boshqa ma'lumot taqdim qila olmadi.
“Avval biz bu yolg‘on deb o‘yladik” deb aytmoqda FHDYo bo‘limi xodimi Vilma Viarengo.

Erkakning tug‘ilganligi haqidagi guvohnomani topish uchun ancha vaqt talab etildi, biroq natijada hujjatni topishga muvaffaq bo‘lindi. Shundan keyin FHDYo bo‘limi politsiyani Petroning qo‘shnilari bilan gaplashib, bu g‘alati voqeaning haqiqat ekanligini tasdiqlashlarini so‘radi. Natijada Petro uzoq kutilgan hujjatni olishga muvaffaq bo‘ldi. FHDYo xodimining aytishicha, Petro o‘z shaxsini tasdiqlovchi hujjatni olgandan keyin o‘zida yo‘q xursand bo‘lgan.

Top