20:25 / 30.07.2015
2879

O‘zbekistonda yo‘lovchi tashish yo‘nalishlari soni 4317taga yetdi

O‘zbekiston avtomobil va daryo transporti agentligining 2015 yilning birinchi yarmidagi faoliyati yakunlariga bag‘ishlangan matbuot anjumani o‘tkazildi.

Ma'lum qilinishicha, joriy yilning o‘zida O‘zbekistonda 33 yangi yo‘lovchi tashish yo‘nalishi tashkil etilib, ularda qariyb 300 avtobus va yo‘nalish taksilari aholiga xizmat ko‘rsatmoqda.

2000 yilda mamlakatimizda ikki mingga yaqin yo‘lovchi tashish yo‘nalishi mavjud bo‘lgan bo‘lsa, ayni paytda ularning soni 4317 taga yetgan. Ushbu yo‘nalishlarning deyarli barchasi ochiq tender savdolaridan o‘tkazilgan. Jumladan, joriy yilning birinchi yarmida o‘tkazilgan 78 ochiq tender savdolarida 673 yo‘lovchi tashish yo‘nalishi joylashtirildi.

Shuningdek, transport korxonalari avtoparkini yangilashga ham alohida e'tibor qaratilmoqda. Xususan, 2015 yilning o‘tgan olti oyida Samarqand avtomobil zavodida ishlab chiqarilgan 175 «Isuzu» avtobusi lizing asosida sotib olindi. Bundan tashqari, transport korxonalari uchun 247 yuk mashinasi, 62 mikroavtobus va 322 yengil avtomobil xarid qilindi.

O‘zbekistonda kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirishga qaratilayotgan alohida e'tibor samarasida avtotransport sohasida ham xususiy sektor ulushi ortib borayotgani tufayli hisobot davrida mazkur sohaga jalb etilgan investitsiyalar hajmi 77,6 milliard so‘mni tashkil qildi.

O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Yo‘l harakati xavfsizligi bosh boshqarmasi va Davlat soliq qo‘mitasi bilan hamkorlikda transportda xizmat ko‘rsatish sohasida noqonuniy faoliyat yuritayotgan sub'yektlarni aniqlash bo‘yicha muntazam reydlar o‘tkazilmoqda. Hisobot davrida o‘tkazilgan 2300dan ziyod qo‘shma reyd davomida to‘plangan materiallar chora ko‘rish uchun tegishli organlarga taqdim etildi.

Top