10:37 / 30.07.2015
3937

Toshkentda 13-tramvay yo‘nalishi qisqartirilishi mumkinligi aytilmoqda

“Toshshahartransxizmat” AK avgust oyidan “Ko‘yliq markaz – TTZ” yo‘nalishi bo‘yicha qatnovchi 13-tramvay yo‘lini qisqartirishni rejalashtirmoqda.

“Gazeta.uz” ma'lumotlariga ko‘ra, yaqin kunlarda bu tramvay Qo‘yliqdan faqatgina “Toshkent” vokzaligacha (Shimoliy vokzalgacha) harakatlanishni boshlaydi, Mirzo Ulug‘bek shohko‘chasidagi tramvay liniyasi esa olib tashlanadi.

“Qisqartirilgan yo‘nalishga muqobil sifatida 96-avtobusning yo‘nalishi o‘zgartiriladi, avtobus Uspenskiy nomidagi Respublika ixtisoslashtirilgan musiqali akademik litseydan Sodiq Azimov, Amir Temur va Turkiston ko‘chalari bo‘ylab vokzalgacha harakatlanadi. Boshqa variantlar ham ko‘rilmoqda”, deb ta'kidlaydi internet-nashr.

“Toshshahartransxizmat” xodimlari 12news.uz muxbirining ishonch telefoni bo‘yicha qilgan murojaatiga hozircha bunday ma'lumotga ega emasliklarini aytishgan.

“Agar tramvay yo‘nalishi o‘zgaradigan bo‘lsa tegishli axborot tramvay saloniga ilib qo‘yiladi”, deb aytishdi shahar transport kompaniyasi vakillari.

Avvalroq joriy yilning aprel oyida 110-yo‘nalish bo‘yicha (Ko‘yliq-TTZ) harakatlanuvchi Mercedes-Benz Conecto Low Floor avtobusi “Maishiy xizmat uyi” bekatida 13-tramvayning yo‘lini to‘sib qo‘ygani ma'lum qilingandi. Avtobus haydovchisi shu tariqa jamoatchilik transporti tirbandligi yuzaga kelgan yo‘l qismini aylanib o‘tmoqchi bo‘lgan. O‘tgan dam olish kunlari yo‘lning ushbu qismidagi ba'zi bekatlar buzib tashlandi.

Top