12:40 / 31.07.2015
4878

Aholiga kinoxizmatlar ko‘rsatish hajmi yarim yilda 122.8 foizga oshdi

“O‘zbekkino” milliy agentligi va uning struktur bo‘linmalari tomonidan 2015 yilning birinchi yarim yilligida jami 1.472 mln kishiga kinoxizmatlar ko‘rsatildi. Bu o‘tgan yilning shu davri ko‘rsatkichlaridan 122.8 foizga oshganligidan dalolatdir.
Hisobot davrida Badiiy kengashning 12 yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi, ularda 7ta badiiy, 2ta multiplikatsion film ko‘rildi, 12ta ssenariy muhokama qilindi. Natijada agentlik tomonidan buyurtma qilingan bir qator filmlarning namoyish etilishiga ruxsat berildi. “Novda”, “Bolalik sinovlari”, “Hayotda…”, “Dilor, dilor… dil va or”, “Sotqin”, “Shunqorlar”, “Ro‘yo” badiiy filmlari, shuningdek, “Sarishtali uy – farishtali uy” va “Tulkivoyning tavbasi” multfilmlari shular jumlasidandir.
Shuningdek, yangi filmlarni suratga olish jarayonlari boshlab yuborildi. Bular “Lolaqizg‘aldoq” (“Baron”) (R.Sa'diyev), “So‘nggi pushaymon” (N.Jumayev), “Kuzning bir kuni” (Z.Musoqov), “Toliqqan ko‘ngillar oyga talpinar” (S.Nazarmuhamedov), “Ma'suma” (Yo.To‘ychiyev) shular jumlasidandir. “No‘xat polvon” va “Oqbo‘yin” multfilmlari, “Oyqiz ertagi” (A.Bekturdiyev), “Ustyurtga yo‘l” (A.G‘aniyev), “Ajal jodusi” (H.Nasimov), “Dadil bo‘l, Kamoliddin!” (“Yurakdan his etib”) (E.Hoshimov), “Barakasini bersin” (F.Xudoyberdiyev) badiiy filmlari ustida ish davom etmoqda.
Agentlikning 2014-2015 yillarga mo‘ljallangan hujjatli filmlar ishlab chiqarish rejasiga binoan«Zavol bilmas umr», «O‘g‘lonlar», «Ehtirom», «Iz», «Usta», «Agar sen haq bo‘lsang...»,«San'atning bebaho xazinasi» kabi hujjatli filmlar ustidagi ishlar nihoyasiga yetkazildi. Hozirda 21ta hujjatli, ilmiy-ommabop va o‘quv filmlarini tayyorlash bo‘yicha ishlar olib borilmoqda.
Joriy yarim yillikda nodavlat studiyalari tomonidan suratga olingan 28ta filmning belgilangan litsenziya talablari va shartlariga mosligi o‘rganib chiqildi hamda 3ta film mazkur talablarga to‘g‘ri kelmaganligi sababli ularning namoyishiga ruxsat berilmadi.
«Keksalarni e'zozlash yili» Davlat dasturi doirasida “Umrboqiy siymolar” va “Zamon va taqdirlar” turkumida taniqli akademik va olimlar, O‘zbekiston xalq rassomlari, O‘zbekiston xalq artistlari kabi shaxslarning hayoti, ilmiy va ijodiy faoliyati haqidagi, jami 10dan ortiq hujjatli filmlarni suratga olish boshlab yuborildi.
«O‘zbekkino» Milliy agentligi xalqaro hamkorlik sohasida ham o‘zining sermahsul faoliyatini davom ettirmoqda. Xususan, 30 aprel – 3 may kunlari Toshkent shahrida, 5-6 may kunlari esa Samarqand shahrida Toshkent shahridagi Gyote instituti bilan hamkorlikda II an'anaviy «Shum bola – 2015» bolalar festivali, 22-31 may kunlari Toshkent shahrida Yevropa Ittifoqi delegatsiyasi bilan hamkorlikda «Yevropa kinosi festivali» o‘tkazildi. 11 iyun kuni O‘zbekistonning Buyuk Britaniyadagi elchixonasi bilan hamkorlikda London shahrida «O‘zbek kinosi kuni» tashkil etilib, unda o‘zbek kinoijodkorlari tomonidan suratga olingan «Shabnam» filmi namoyish etildi. 20-24 iyun kunlari Filippin xalqaro kinofestivalida «Jahon premeralari» doirasida rejissyor A.Mignarovning «Ota» filmi namoyish etildi. Hozirgacha bir qator badiiy, hujjatli va multplikatsion filmlarimiz AQSh, Germaniya, Xitoy, Rossiya, Avstraliya kabi 10dan ortiq mamlakatlardagi xalqaro kinofestivallarning tashkiliy qo‘mitalariga saralash bosqichi uchun yuborilgan va bu boradagi ishlar davom etmoqda.

Top