18:22 / 31.07.2015
6324

Britaniyalik rejissyor Gay Richi modelerga uylandi

Madonnaning sobiq eri, britaniyalik taniqli kinorejissyor va ssenariynavis Gay Richi oxirgi 5 yil davomida uchrashib yurgan ma'shuqasi – model Jyeki Eynsliga uylandi. Nikoh marosimi Uiltshir grafligidagi Eshkomb mulkida bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda The Daily Mail nashri.

To‘yga taklif qilinganlar orasida 46 yoshli Richi va 33 yoshli Eynslining uch farzandi hamda Richining Madonna bilan turmushidan 2 o‘g‘li ham bo‘ldi. Madonnaning o‘zi sobiq erining to‘yiga kelmagan.

Marosimda, shuningdek, bir qator jahon yulduzlari, jumladan, Bred Pitt, Gvinet Peltrou, Sting, Jorj Kluni va uning rafiqasi Amal Alamuddin, Devid Bekxem ham ishtirok etdilar. Pitt va Bekxemning rafiqalari – Anjyelina Joli va Viktoriya Bekxem to‘yga kelolmadi, biroq Richini baxtli onlari bilan ijtimoiy tarmoqlar orqali tabriklashdi.

Gay Richi Jyeki Eynsli bilan 2010 yildan boshlab uchrasha boshlagan. Bir yildan keyin ular o‘g‘il farzand – Rafael Richi, 2012 yil va 2014 yilda esa Rivka va Levi ismli qiz farzand ko‘rishgan. Richi 2008 yilda xonanda Madonna bilan yetti yillik turmushdan keyin ajrashib ketgan. Juftlikning ikki o‘g‘il farzandi bor.

Top