07:19 / 31.07.2015
2232

Kemeron Buyuk Britaniyani muhojirlar uchun xavfsiz emasligini aytdi

Buyuk Britaniya bosh vaziri Devid Kemeron Birlashgan Qirollikni Fransiyaning Kale shahridan Yevrotunnel orqali Buyuk Britaniyaga kelishga urinayotgan muhojirlar uchun “xavfsiz bo‘lmagan boshpana” deb atadi.

Kemeronning aytishicha, noqonuniy muhojirlar Britaniyaga kelishlari xamonoq mamlakat hududidan chiqarilib yuboriladi.

“Chegaralarimizni himoya qilish, britaniyaliklar tinch uxlashlari uchun barcha choralar ko‘riladi”, deb aytdi Kemeron.

Kemeronning aytishicha, La-Mansh bo‘g‘ozi ostidagi tunnelni nazorat qilish uchun yana 120 nafar fransuz politsiyachisi jalb etiladi.

Muxojirlar Yevrotunnel hududiga kirib, u yerdan Buyuk Britaniyaga yetib olishga urinmoqdalar. Hafta ichida shunday urinishlardan 3,5 mingtasi qayd etildi. Hammasi bo‘lib Kale shahrida 3 mingga yaqin muhojir to‘plangani aytilmoqda.

Yanvar oyidan boshlab Yevrotunnel vakillari 37 ming muhojirning Britaniyaga yetib olishiga to‘sqinlik qilgan. Iyun oyida tunnelda 9 nafar muhojir halok bo‘lgan edi.

Yevrotunnel 51 km uzunlikka ega bo‘lib, Yevropani Buyuk Britaniya bilan bog‘laydi. Yevrotunnelning oxiri Britaniyada Duvr shahri va Fransiyada Kale shahri bilan tugaydi.

Top