11:24 / 31.07.2015
9213

O‘zbek xonandalaridan biri qo‘shiqchilikni tark etishini ma'lum qildi

Xonanda Asilbek Negmatov «Sayyod.com» saytiga murojaat qilib, boshqa kuylamoqchi emasligi haqidagi xabarni chop etishni iltimos qilgan.

Xonanda o‘z qarorini boshqa ish bilan shug‘ullanish niyatidaligi bilan izohlagan.

«Bu piar emas, shunchaki tinchlik va normal hayot tarzini istayapman. Uy muhitiga moslashgan odamman, bedor tunlaru tinimsiz safarlar bilan betartib turmush tarzi ketyapti. Oddiy ish, uy va tinchlikni xohlayman. Boshqa sohada ishlayman, 2 ta nonga odamni qorni to‘yadi, dabdabaga intilmaganman. Tinchlik-xotirjamlikning o‘zi katta baxt», deydi u.

«Bu soha meniki emas ekan, bu qarorga allaqachon kelishim kerak edi. Ha, balki havas va xobbidir, ammo men charchadim…. Estradaga chiroyli kirdim va chiroyli ketishni istayman», — deb Asilbek san'at sohasidan charchaganini ham qo‘shimcha qildi.

Saytning qayd etishicha, Asilbek Negmatov o‘zining ajabtovur raqsga tushishi bilan o‘zbek estradasida tanilgan edi. U Asilbek Amanulloh taxallusi bilan ijod qilayotgan edi.

Top