07:23 / 31.07.2015
4719

O‘zbekiston Xitoy va Ispaniya bilan xalqaro avtomobil bog‘lanishi haqida kelishuv imzolaydi

O‘zbekiston avtomobil va daryo transporti agentligida 2015 yilning yanvar-iyun oylarida bajarilgan ishlarga bag‘ishlangan matbuot-anjumani bo‘lib o‘tdi.

Anjumanda agentlik mutaxassislari va OAVlar vakillari ishtirok etdilar.

Anjuman davomida agentlik joriy yilning birinchi yarmida o‘z faoliyatini 2015 yilning 16 yanvarida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan qabul qilingan “2015 yil uchun tarmoqlar tadbirlari dasturi”ga muvofiq olib borishi ta'kidlab o‘tildi.

Ko‘rilayotgan davr ichida avtotransport tarmog‘iga kiritilgan investitsiyalar miqdori 77,6 mlrd so‘mni tashkil qilgani, 15 yil ichida faoliyat ko‘rsatayotgan yo‘lovchi tashish yo‘nalishlari 2313taga ko‘payib, 4317taga yetgani, ulardan 990tasi shahar ichi, 2708 tasi shahar tashqarisi va 619 tasi shaharlararo yo‘nalishlar ekani ta'kidlab o‘tildi.

Shuningdek, tashqi iqtisodiy faoliyat sohasida ham ishlar olib borilayotganiga to‘xtalib o‘tildi. Xususan, joriy yilning bahorida agentlik vakillari Madridda O‘zbekiston va Ispaniya qirolligi bilan ikki tomonlama hamkorlikning huquqiy-kelishuv asosini yanada kengaytirish masalalari bo‘yicha mutaxassislar uchrashuvida ishtirok etdilar. Uchrashuv davomida O‘zbekiston va Ispaniya o‘rtasida xalqaro avtomobil bog‘lanishi haqidagi kelishuv loyihasi matni kelishib olindi.

Bundan tashqari, O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasida xalqaro avtomobil bog‘lanishi haqidagi yangi kelishuv loyihasi ishlab chiqildi.

Hozirda hujjatlar O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasiga ko‘rib chiqish uchun topshirilgan.

Top