13:07 / 31.07.2015
3057

"Pekin-2022" qor bilan muammo bo‘lmasligini aytdi

"Pekin-2022" murojaat qo‘mitasi Xalqaro olimpiya qo‘mitasi a'zolarini Xitoy poytaxti ushbu olimpiadaga mehmonlik qilgan taqdirda sport obektlarida qor yetishmovchiligi kelib chiqmasligiga ishontirdi. Bu haqda qo‘mitaning 128-sessiyasi chog‘idagi taqdimot paytida Xitoy olimpiya qo‘mitasi raisi Lyu Pen ma'lum qildi.
2022 yili XXIV qishki Olimpiya o‘yinlari va XIII Paralimpiya o‘yinlariga mehmonlik qiluvchi shahar 31 iyul kuni Xalqaro olimpiya qo‘mitasining navbatdagi sessiyasida yashirin ovoz berish yo‘li bilan aniqlanadi. Pekindan tashqari, mezbonlikka Olma-Ota shahri ham da'vogarlik qilmoqda.
XXR raisi Si Tszinpin Xalqaro olimpiya qo‘mitasi a'zolariga yo‘llangan videomurojaatida Pekinning g‘alaba qozonishini Xitoyning 1.3 mlrd aholisi istab turganini ta'kidlab o‘tdi.
“Biz o‘z majburiyatlarimizni to‘laligicha amalga oshiramiz. Ishontirib aytamanki, siz Pekinni tanlasangiz, biz ajoyib qishki o‘yinlarni o‘tkazamiz”, – dedi u.
Ovoz berishda XOQning 100 a'zosidan 85 nafari ishtirok etadi. Saylovda ko‘proq ovoz olgan shahar g‘olib bo‘ladi.

Top