11:10 / 31.07.2015
5046

Qarshida zamonaviy to‘qimachilik korxonasi qurilishi boshlandi

Qashqadaryo viloyati Qarshi tumanida zamonaviy to‘qimachilik mahsulotlari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan xorijiy korxona qurilishi boshlandi.

Shu munosabat bilan o‘tkazilgan va viloyat hokimligi, O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi viloyat hududiy boshqarmasi, xorijiy investorlar, “O‘zbekengilsanoat” aksiyadorlik jamiyati vakillari, mahalla faollari ishtirok etgan tadbirda O‘zbekiston Prezidenti rahnamoligida kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish, iqtisodiyotimizga mahalliy va xorijiy investitsiyalarni keng jalb etish, qulay ishbilarmonlik muhiti yaratishga alohida e'tibor qaratilayotgani ta'kidlandi.

Davlat rahbarining sohani rivojlantirishga oid farmonlariga asosan xorijiy sarmoya ishtirokidagi korxonalarga bir qator imtiyoz va preferensiyalar berilgani bunda muhim ahamiyat kasb etmoqda. O‘zbekiston Respublikasining “Chet el investitsiyalari to‘g‘risida”gi qonunida xorij sarmoyalarini amalga oshirish shakllari, ular uchun huquqiy asoslar hamda investorlarning huquq va majburiyatlari belgilab berilgan. O‘zbekiston Respublikasining “Chet ellik investorlar huquqlarining kafolatlari va ularni himoya qilish choralari to‘g‘risida”gi qonunida xorijlik sarmoyadorlar huquqlarining kafolatlari, ularni himoya qilish hamda bu boradagi kafolatlarni buzganlik uchun javobgarlik nazarda tutilgan.

Yangi korxona O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2014 yil 31 oktabrdagi “Qashqadaryo viloyatining Qarshi tumanida zamonaviy to‘qimachilik ishlab chiqarishini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori asosida Niderlandiyaning “LT Textile Cooperatief U.A” kompaniyasi tomonidan barpo etilmoqda.

Zamonaviy va energiya tejamkor samarali texnologiyalar bilan jihozlanadigan korxonada to‘qimachilik mahsulotlari ishlab chiqariladi. Shuningdek, korxona qoshida to‘qimachilik asbob-uskunalariga xizmat ko‘rsatish bo‘yicha ixtisoslashtirilgan servis markazi tashkil etiladi.

Korxona qurilishini 2016 yil noyabr oyida yakunlash rejalashtirilgan. Mutasaddilarning ta'kidlashicha, korxonada 2017 yilning birinchi choragida 20 ming tonna paxta tolasi qayta ishlanadi. 15 ming tonna ip kalava va aralash kalava ishlab chiqariladi. Mahsulotning 80 foizini eksportga yo‘naltirish va tashkil etilayotgan ishlab chiqarish loyihadagi quvvatga yetkazilganda 700 yangi ish o‘rni yaratish rejalashtirilgan.

"Viloyatda bu kabi korxonalarning barpo etilishi, birinchi navbatda, tikuvchilik yo‘nalishidagi fabrikalar faoliyatiga ijobiy ta'sir ko‘rsatadi. Bugungi kunda turli kiyim-kechak tayyorlash uchun zarur bo‘ladigan gazlamalar chetdan keltirilmoqda va bu mahsulot tannarxining oshishiga sabab bo‘lmoqda. Yangi korxona bunday muammoni bartaraf etish va eng asosiysi, yangi ish o‘rinlari yaratishda muhim ahamiyat kasb etadi", – deydi O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi Qashqadaryo viloyati hududiy boshqarmasi boshlig‘i Sa'dulla Boboqulov.

Top