21:29 / 31.07.2015
3290

Qoraqalpog‘istonda yil imomi aniqlandi

O‘zbekiston musulmonlari idorasi tizimida har yili “Yil imomi” ko‘rik tanlovi o‘tkazilib kelinmoqda. Tanlovni o‘tkazishdan maqsad, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risida”gi qonunni hayotga tatbiq etish, intizomli, ilg‘or, tashabbuskor, tadbirkor, nutqi ravon va keng omma afkoriga o‘z fikrini teran tushuntirib yetkazib berish qobiliyatiga ega bo‘lgan eng iqtidorli, har tomonlama faol yil imom-xatiblarni aniqlash va keng jamoatchilikka ma'lum qilish.
Joriy yilning 29 iyul kuni Qoraqalpog‘iston Respublikasida ham mazkur tanlovning respublika bosqichi bo‘lib o‘tdi. Unda tuman va shaharlarda g‘oliblikni qo‘lga kiritgan imom-xatib va imom-noiblar ishtirok etishdi.
Ko‘rik tanlov qatnashchilari bilan Qur'oni karim oyatlarining tafsiri, turli fiqhiy masalalar, Islom tarixi, aqidaparast oqimlar va ularning soxta iddaolari kabi mavzularda savol-javoblar qilindi. Shuningdek, ishtirokchilarning ommaviy axborot vositalaridagi chiqishlariga ham alohida e'tibor qaratildi. Ko‘rik tanlov davomida qatnashchilar o‘zlarining bilimdonlik, hozirjavoblik va ilmiy salohiyatlarini namoyish etdi.
Yakuniy bosqich natijalariga ko‘ra, birinchi o‘rin Nukus shahri “Imom eshon Muhammad” jome masjidi imom-xatibi Baxramatdin Razovga nasib etdi. Tadbir so‘ngida g‘olib va ishtirokchilarga sovg‘alar topshirildi.
Tanlov nizomiga ko‘ra, Baxramatdin Razov Toshkent shahrida bo‘lib o‘tadigan “Yil imomi – 2015” ko‘rik tanlovining respublika bosqichida qatnashish huquqini qo‘lga kiritdi.

Manba: Muslim.uz

Top