10:55 / 31.07.2015
4025

Samarqandda tabiiy siqilgan gazda ishlovchi birinchi avtobus taqdimot qilindi

Samarqand avtomobil zavodi CNG dvigatelli, Yevro-4 ekologik standartiga javob beruvchi ilk avtobusni chiqardi.

30 iyul kuni Yaponiyaning ISUZU Motors direktori Susumu Xosoi boshchiligidagi delegatsiyaning O‘zbekistonga rasmiy tashrifi doirasida Samarqand avtomobil zavodiga tashrif amalga oshirildi. Unda tabiiy siqilgan gazda ishlovchi (CNG) dvigatelli birinchi avtobus taqdimot qilindi.

CNG dvigatelli avtomobillarning ekologik hamda iqtisodiy tomondan foydaliligi e'tiborga olinib, unga bo‘lgan talab yuqori bo‘lishi taxmin qilinmoqda. Ushbu tendensiyalarni nazarda tutib, Samarqand avtomobil zavodi ISUZU Motors bilan hamkorlikda shunday yo‘lovchi avtobuslarini ishlab chiqarish haqida qaror qabul qilgandi.

Yaponiyalik delegatsiyaga namoyish etilgan yangi avtobus namunasi mehmonlar tomonidan iliq qarshi olindi. Ushbu avtobus O‘zbekistonda yo‘lovchi avtobuslarini ishlab chiqarishni yangi sifatli bosqichga olib chiqadi.

Delegatsiyaning Samarqandga tashrifi arafasida 29 iyul kuni Toshkentda tomonlar o‘rtasida bitim imzolandi. Unga ko‘ra, “Samarqand avtomobil zavodi”MChJning ta'sis etuvchilari tarkibiga Yaponiyaning ISUZU Motors Ltd. kompaniyasi ham kirdi.

Top