09:09 / 01.08.2015
2793

Joze Mourino: Superkubok o‘yinida "Arsenal"ga yutqazsak, bundan fojia yasamayman

"Chelsi" jamoasi bosh murabbiyi Joze Mourino Angliya Superkubogi uchun "Arsenal"ga qarshi o‘tkaziladigan o‘yin oldidan o‘z fikrlarini bildirib o‘tdi.

"Hozir bizda hammasi yaxshi. Qisqa parvozlar orqali Londonga qaytib keldik. Mavsumoldi yig‘ini istaganimizdek o‘tdi.
Angliya Superkubogi uchun o‘tkaziladigan o‘yin o‘rtoqlik maqomida bo‘lmaydi. Bu "Chelsi"ning "Barselona" yoki "PSJ" jamoalariga qarshi yoki "Arsenal"ning "Volfsburg" jamoasiga qarshi o‘tkazgan o‘yinlaridan ko‘ra jiddiyroq o‘yin bo‘ladi. Lekin, bu o‘yin APLning tur o‘yini bilan ham tenglasha olmaydi.
"Biz "Nyu-York Red Bulls"ga yutqazdik va xafa bo‘ldik. Biz natija ko‘rsatish uchun o‘ynaymiz. Angliya Superkubogi uchun motivatsiya boshqa o‘rtoqlik uchrashuvlari va musobaqalardagidan farq qiladi. Bu sovrinlar yutishning debochasi bo‘lishi ham mumkin.
Men jamoamiz yaxshi natija ko‘rsatishidan xursand bo‘laman. Raqib "Arsenal" bo‘ladimi yoki boshqasimi, farqi yo‘q. "Chelsi" bu o‘yindagi raqibga prinsipial raqibni yer tishlatish vajohati bilan tushmaydi, muhimi natijaga erishish.
Biz "Arsenal"ga qarshi 13 o‘yindan beri mag‘lub bo‘lmaganmiz. Lekin o‘yinda har qanday holat ro‘y berishi mumkin. "Arsenal"ni yutish bizga alohida g‘urur baxsh etmaydi va bu jamoadan mag‘lub bo‘lish ham bizni chuqur qayg‘uga solmaydi. Hammasiga tayyor turish kerak. Men bu o‘yinda yutqazsak ham bundan fojia yasamayman.
"Arsenal" yuqori darajadagi jamoa. 2 yil oldin Angliyaga qaytib ko‘rdimki, ularda yaxshi jamoa shakllantirilgan. Ularda yaxshi darvozabonlar hamisha bo‘lgan. Ularning qatoriga yangi mavsum arafasida yana biri qo‘shildi (Aynan "Chelsi"dan "Arsenal"ga o‘tgan Piter Chex - Kun.uz izohi). Ularning zaif nuqtasi darvozabon emasligi aniq", deydi portugaliyalik murabbiy.

Eslatib o‘tamiz, Angliya Superkubogi uchun o‘yin 2 avgust kuni o‘tgan mavsum chempioni "Chelsi" va o‘tgan mavsumda Angliya Kubogi egasi bo‘lgan "Arsenal" o‘rtasida "Uembli" stadionida o‘tkaziladi.

Top