11:31 / 02.08.2015
8760

Tyumenda o‘smir qiz qotilni qo‘lga oldi

Tyumenda 15 yoshli qiz o‘zi yashaydigan uyning hovlisida kechki payt ikki yigitga pichoq urgan jinoyatchini qo‘lga oldi. Bunda qizga qo‘l jangi usullari yordam berdi. Politsiyachilar minnatdorchilik sifatida qahramon qizga faxriy diplom va gullar sovga qilishdi.

Ma'lum qilinishicha, Katya Pimenova ismli bu qiz yashaydigan uy hovlisida yo‘lovchilar orasida pichoqbozlik bilan tugagan janjal chiqqan. Qiz baqir-chaqir ovozlarni eshitib, ko‘chaga chiqqan. Qiz ikki yil armiya qo‘l jangi bilan shug‘ullangani uchun o‘ylab o‘tirmasdan jinoyatchini xavfsizlantirgan.

Qiz politsiya va tez tibbiy yordam kelguncha jinoyatchini yerga yuz tuban qilgan holda ushlab turgan. Bu orada uning qo‘shnilari jabrlanganlarga yordam ko‘rsatishgan.

“Bu yerda hamma shovqin ko‘tarardi. Men jinoyatchini ushlab turgandim, u yerda esa jarohatlangan bola yotardi. Men ulardan xavotirlanib, “Tez yordam chaqiring” deb baqirdim. Meni jinoyatchi qiziqtirmasdi, men jabrdiydalarga o‘z vaqtida yordam ko‘rsatilishi kerakligidan xavotirlanardim. Militsiya tezda yetib keldi. Bir bola o‘ldi, boshqasining ahvoli ma'lum emas”, deydi Katya.

Jinoyatchi tergov izolyatoriga joylashtirildi. Katya Tyumen shahri politsiyasi boshlig‘i qo‘lidan minnatdorchilik diplomini oldi.
“Sizning jasoratingiz nafaqat yoshlar, sinfdoshlaringiz, bo‘lg‘usi kursdoshlaringizga, balki politsiya xodimlariga ham o‘rnakdir. Biz sizdek fuqarolarimiz borligidan faxrlanamiz!”, deb aytdi Tyumen politsiyasi boshlig‘i.

Top