08:42 / 03.08.2015
4047

Navka Peskovga sovg‘a qilgan soati haqida gapirib berdi

Rossiyalik sportchi, olimpiya chempioni Tatyana Navka “Komsomolskaya pravda” gazetasiga bergan intervyusida o‘zining turmush o‘rtog‘i, Rossiya prezidentining matbuot kotibi Dmitriy Peskovga sovg‘a qilgan soati haqida gapirib berdi.
Eslatib o‘tamiz, 1 avgust kuni Rossiya prezidenti Vladimir Putinning matbuot kotibi Dmitriy Peskov Sochida Tatyana Navka bilan nikohdan o‘tdi. Tadbirda tushirilgan fotosuratlarda blogerlar Peskovning qo‘lidagi qimmatbaho soatga e'tibor qaratishdi hamda uning “halol yo‘l” bilan sotib olinganligiga shubha bildirishdi. Gap shundaki, ushbu soatning narxi Peskovning to‘rt yillik daromadiga tengdir. Bir muddatdan so‘ng Peskov RBKga bergan intervyusida ushbu soatni unga rafiqasi Navka to‘y kuni sovg‘a qilganligini aytdi.
“Men olimpiya chempioniman. Ko‘p ishlayman, shu jumladan, yozda ham. Albatta, o‘z mehnatim bilan pul topaman, yaxshi sovg‘a berishga qurbim yetadi. To‘y oldidan sevimli insonimga nima sovg‘a qilish masalasi turgan edi. Men ushbu soatni sovg‘a qilishga qaror berdim”, – dedi u.
Bundan tashqari, Navka aytilgan narxlar haqiqiy emasligini ta'kidladi.
Aleksey Navalniyning korrupsiyaga qarshi kurash jamg‘armasi Peskovning qo‘lidagi soat cheklangan adadda 30 dona chiqarilganligini aniqladi. Bunday partiyaning narxi 620 ming dollarni tashkil qiladi, bu Rossiya milliy valyutasida 37.8 mln rubl demakdir. Ayni paytda, Peskovning 2014 yilgi daromad deklaratsiyasiga ko‘ra, uning yillik daromadi 9.1 mln rublni tashkil qiladi.

Top