16:30 / 03.08.2015
2259

Nokia ikkinchi chorak yakunlarini e'lon qildi

Nokia kompaniyasi 2015 yilning ikkinchi choragi yakunlarini e'lon qildi. Unga ko‘ra, kompaniyaning foydasi o‘tgan yilning shu davriga nisbatan bir qadar ko‘tarilgan. Bunga yuqori rentabellikka ega dasturiy ta'minot sotuvlarining ko‘payishi va quyi rentabellikka ega shartnomalardan voz kechilishi sabab bo‘lgan.

Finlyandiyaning yetakchi kompaniyasi Nokia Networks bo‘linmasining 313 mln yevro (sotuvlar hajmining 11.5 foizi) operatsion daromad ko‘rganini ma'lum qildi, bu o‘tgan yilgidan (281 mln yevro) 11 foizga ko‘proqdir. Reuters suhbat qilgan ekspertlarning bashoratlariga ko‘ra, bo‘linmaning foydasi 235 mln yevroni, operatsion marja esa 8.3 foizni tashkil etishi kerak edi.

Tarmoq jihozlarining sotilish hajmi 2.73 mlrd yevroni tashkil qildi, bu 2014 yil birinchi choragi ko‘rsatkichlaridan 6 foizga ko‘proqdir. Ayni paytda, tahlilchilar bu boradagi daromad 2.84 mlrd yevroni tashkil etishini taxmin qilayotgan edi.
Nokia’ning umumiy operatsion foydasi 51 foizga o‘sib, 521 mln yevroni tashkil qildi (tahlilchilar bashorati – 334 mln yevro). Sof foyda 352 mln yevroni tashkil qildi; o‘tgan yilning shu davrida kompaniya 27 mln yevro zarar ko‘rgan edi.
Kompaniyaning realizatsiya hajmi 3.209 mlrd yevroga teng (o‘tgan yilgi ko‘rsatkichdan 9 foizga ko‘proq).

Reuters agentligining ma'lum qilishicha, kompaniya HERE kartografik servisini Germaniya avtomobilsozlariga sotish bo‘yicha muzokaralarni yakunlash arafasida turibdi. Shartnoma qiymati 2.5-3 mlrd yevroni tashkil etishi mumkin.

Top