17:35 / 04.08.2015
2569

Facebook quyosh quvvatida ishlovchi ulkan dron qurmoqda

Britaniya aerodromlaridan birida Facebook kompaniyasiga tegishli uchuvchisiz apparat qurilmoqda. Uning qanotlari kengligi Boeing-737niki bilan teng. Ushbu ulkan dron Aquila deb ataladi. Aquila yunon mifologiyasida Zevsning chaqmoqlarini tashigan burgutdir.
Ushbu dron Facebook’ning Yer yuzida 4 mln kishini internet bilan ta'minlash borasidagi rejasining bir qismidir. G‘oyaga ko‘ra, Aquila stratosferada parvoz qilib, yer stansiyalariga simsiz usulda internet signallarini uzatib turadi. U asosan Nigeriya va Hindiston singari mamlakatlarning internet yetib bormagan hududlari ustidan parvoz qiladi.
Joriy yil boshida kompaniya ushbu apparatning kichik modellarini sinovdan o‘tkazdi va hozir, loyiha koordinatori Yael Maguayrning so‘zlariga ko‘ra, uning to‘liq hajmli versiyasini sinovdan o‘tkazishga tayyorgarlik ko‘rmoqda.

737 singari keng bo‘lishi bilan, u tijoriy avialaynerdan yuzlab marotaba yengilroqdir. U yer sathidan 18-25 ming balandlikda 90 kungacha qolishi mumkin.
Shu vaqtning o‘zida Kaliforniyadagi Vudlend-Xills laboratoriyasi mutaxassislari dronga internet signallari yuborishga yordam beradigan yangi lazer tarmoqlari texnologiyasini ishlab chiqmoqda. Aytilishicha, olimlar o‘nlab gigabit tezlikda ma'lumot uzatuvchi 15 km masofadan aniq nishonga uruvchi lazer ishlab chiqishga muvaffaq bo‘lishdi.
Facebook Connectivity Lab olimlari bilan hamkorlikda olib borilayotgan Aquila loyihasi internetni osmondan yetkazish texnologiyasida yangi so‘z bo‘lishi mumkin. Shu bilan birga, Google havoda 180 kun qolishi mumkin bo‘lgan dronlar va havo sharlari ustida ishlamoqda. Facebook, shuningdek, sun'iy yo‘ldoshlar yaratish masalasini o‘rganib chiqmoqda.

Top