09:44 / 04.08.2015
3254

Muhandislar suv chivini shaklidagi robot yaratdilar

Garvardning Wyss Institute for Biologically Inspired Engineering instituti xodimlari Seul davlat universiteti va Jon Polson nomli Garvard muhandislik va amaliy fanlar maktabi xodimlari bilan hamkorlikda suv chivini shaklidagi mitti robot yaratishdi. Hasharot shakllarini aynan takrorlash uchun olimlar uning xatti-harakatlarini videoyozuvlar orqali o‘rganib chiqishdi.

“Robot oyoqchalarining suv yuzasiga o‘tkazadigan bosimi, tezlik va vaqtni juda aniq hisoblab chiqish talab etiladi, axir uning sakrashi shunga bog‘liq bo‘ladi. Tirik hasharotlar bu ishni juda oson amalga oshiradi”, – deydi loyiha rahbarlaridan biri Kyu Jin Cho.

Tadqiqotchilarning aniqlashicha, suv chivinlari bu harakatlarini oyoqlarining pastki yuzasidagi aylanalar yordamida amalga oshiradi. Shu asosda katapultlanish kompakt mexanizmiga ega robot yaratildi. U robot vaznidan 16 barobar kattaroq kuch chiqarib, suv sathidan sakrashni amalga oshirishga qodir.

Boshqa tadqiqotchilar guruhi bir yilcha muqaddam shunga o‘xshash hasharot robot yasagan edi. Ammo robot hasharotning real o‘lchovlaridan ancha katta edi. Yangi qurilma esa shakl va o‘lcham jihatdan originalga ancha yaqin qilib ishlandi.
Aytilishicha, shu kabi mitti robotlar kelajakda politsiya operatsiyalarida, shuningdek, qutqaruvchilarning ishida qo‘l kelishi mumkin.

Top