23:37 / 04.08.2015
4600

Qirg‘iziston bosh vaziri Tojikiston chegarasidagi vaziyat tufayli ta'tilini barvaqt tugatdi

Qirg‘iziston bosh vaziri Temir Sariyev Tojikiston chegarasidagi vaziyatning keskinlashishi tufayli ta'tilini barvaqt tugatishga majbur bo‘ldi. Bu haqda Qirg‘iziston hukumati apparatida TASS axborot agentligi muxbiriga ma'lum qilindi.   

Chegaradagi vaziyatning keskinlashishiga Mayskaya hududida 3 avgustda tojik fuqarolari Qirg‘izistonning Ko‘k-Tosh qishlog‘i qabristoniga olib boradigan avtomobil yo‘lni to‘sib qo‘yganlari sabab bo‘lgan. Bunga javoban qirg‘izistonliklar Tojikistonning Chorqu qishlog‘ini suv bilan ta'minlaydigan kanalni to‘sib qo‘yishgan. O‘zaro qarama-qarshiliklar davomida ikki tomon bir-biriga toshlar otgan. 4 avgust kuni to‘qnashuvlar davom etdi. Turli ma'lumotlarga ko‘ra, bu to‘qnashuvlarda 200 dan 500 gacha odam ishtirok etmoqda. To‘qnashuvlarning ikki kuni davomida 6 tojik va 8 qirg‘iz turli darajadagi tan jarohati olgan.        

Qirg‘iziston hukumati apparati vakillarining aytishicha, Sariyevning ta'tildan barvaqt qaytishiga Qozog‘iston prezidenti Nursulton Nazarboyev tomonidan Qirg‘izistonning Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqiga kirishi bo‘yicha notani imzolagani ham sabab bo‘lgan. Shu munosabat bilan yaqin kunlarda Qirg‘iziston bojxona chegaralari Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqining boshqa a'zo davlatlari uchun ochilishi kerak. Qirg‘izistondan tashkari bu ittifoqqa Armaniston, Belarus, Qozog‘iston va Rossiya kiradi.  

Top