10:13 / 04.08.2015
3207

Senator Pol AQSh prezidenti etib saylansa birinchi bo‘lib Rossiya yoki Xitoyga tashrif buyurishini aytdi

Respublikachi senator Rend Pol 3 avgustda 2016 yilda AQSh prezidenti saylovlarida g‘olib bo‘lsa, birinchi tashrif buyuradigan davlati Rossiya yoki Xitoy bo‘lishini aytdi.

Pol AQSh prezidenti lavozimiga Respublikachilar partiyasidan nomzodlar o‘rtasida o‘tkazilgan ilk teledebatlar davomida AQShda Rossiya va Xitoyga “kezi kelsa do‘stdek, kezi kelsa raqibdek” qaralishini ta'kidlab o‘tdi. “Biroq bu buyuk davlatlar va rivojlanayotgan iqtisodiyotlardir. Men g‘olib bo‘lsam, shak-shubhasiz birinchi bo‘lib shu davlatlardan biriga tashrif buyuraman”, deb aytdi Pol.

Pol ko‘rsatuv boshlovchisining savollariga javob berishi davomida “IShID” terrorchilik tashkiloti tomonida jang qilayotgan amerikalik fuqarolarni qattiq jazolash kerakligini ta'kidlab o‘tdi.

Pol CSPAN telekanalida namoyish qilinayotgan “Saylovchilarning birinchi prezidentlik anjumani” nomli teledebatlarida ishtirok etmoqda. Bu teledebatlarda prezidentlik poygasida ishtirok etayotgan boshqa respublikachi-nomzodlar – senatorlar Ted Kruz, Marko Rubio, Lindsi Grem, sobiq senator Rik Santorum, Hewlett Packard kompaniyasining sobiq rahbari Karli Fiorina, Florida, Texas va Nyu-York shtatlarining sobiq gubernatorlari Jyeb Bush, Rik Perri va Dorj Pataki, Nyu-Jyersi, Luiziana, Ogayo va Viskonsin shtatlari gubernatorlari Kris Kristi, Bobbi Jindal, Jon Kasich va Skott Uoker hamda neyrojarroh Ben Karson ishtirok etmoqda.

Hozirda so‘rovnomalar bo‘yicha respublikachilar partiyasidan prezidentlik poygasi uchun yetakchilik qilayotgan Donald Tramp ko‘rsatuvda ishtirok etishdan bosh tortdi.

Munozaralarning ko‘pchilik ishtirokchilari Nyu-Gempshir shtatida joylashgan. Senatorlar Pol, Kruz va Rubio bu munozaralarga Vashingtondagi studiyadan qo‘shilishmoqda.

Ilk katta miqyosdagi teledebatlar 6 avgustda Klivlend shahrida o‘tkazilishi rejalashtirilgan.

Top