11:53 / 04.08.2015
10831

TIV: O‘zbekiston hech qachon Rog‘un GESi loyihasini ma'qullamaydi

O‘zbekiston Rog‘un GESi loyihasini bugungi kundagi holatda ma'qullamaydi. Bu haqda mamlakat tashqi ishlar vazirligining rasmiy saytida joylashtirilgan bayonotda aytildi.
2015 yilning 22 iyul kuni Tojikiston energetika va suv resurslari vaziri U. Usmonzoda O‘zbekiston tomonidan Rog‘un loyihasi bo‘yicha xalqaro ekspertlarning bahosiga hech qanday e'tiroz bildirilmaganligini ta'kidlab o‘tdi. Ammo O‘zbekiston tashqi siyosiy muassasasining ma'lum qilishicha, mamlakat rahbariyati bu borada 2014 yil iyulida aytib o‘tilgan fikrini o‘zgartirmagan.
2014 yilning 14-18 iyul kunlari Olma-Ota shahrida Markaziy Osiyo hukumatlari vakillari uchrashuvida Jahon bankining “Rog‘un GESining taklif qilinayotgan loyihasini ko‘rib chiqishning asosiy masalalari” hisoboti, shuningdek, transchegaraviy suv resurslari muammosi ko‘rib chiqilgan edi. Unda O‘zbekiston delegatsiyasi vakili chiqish qilib, Rog‘un GESining taklif qilingan loyihasi O‘zbekistonning takliflariga muvofiqlashtirilmagani va ushbu holatda hech qachon tan olinmasligi ta'kidlab o‘tilgan edi.
Bayonotga ilova tarzida ushbu ma'ruza matni ham keltirib o‘tilib, shundan buyon O‘zbekistonning bu boradagi pozitsiyasi o‘zgarmaganiga alohida urg‘u berildi.

Top