10:36 / 05.08.2015
4092

Meksikaning Akapulko kurorti dunyoning eng xavfli shaharlari uchligidan o‘rin oldi

Meksikaning Gerrero shtatida joylashgan mashhur Akapulko kurorti dunyoning eng xavfli shaharlari sirasiga kirdi. Bu haqda “Reforma” nashri xabar bermoqda.
Meksikaning “Jamoat xavfsizligi va jinoiy adliya bo‘yicha fuqarolik kengashi” nodavlat tashkiloti tomonidan tuzilgan reytingda Tinch okeani qirg‘og‘ida joylashgan shahar sodir etiladigan qotilliklar bo‘yicha uchinchi o‘rinni egalladi – har 100 ming kishiga 104 qotillik.
Birinchi o‘ringa Gondurasdagi San-Pedro-Sula shahri qo‘yildi. Unda bu ko‘rsatkich har 100 ming kishiga 171 qotillikdir. Ikkinchi o‘rinni egallagan Karakas shahrida esa (Venesuela poytaxti) 100 ming kishiga 115 qotillik to‘g‘ri kelmoqda.
Akapulko huquqni muhofaza qiluvchi organlarining ma'lum qilishicha, joriy yilning dastlabki besh oyida qotilliklar soni 2014 yilning shu davriga nisbatan 42 foizga oshgan.
Gerrero shtati bosh prokurori Anxel Godines Munos bergan ma'lumotlarga qaraganda, ushbu og‘ir jinoyatlarni asosan 20 yoshga yetmagan shaxslar sodir etadi. Ular odatda mintaqaning jinoiy olamini nazorat ostiga olish uchun kurashayotgan guruhlar tarkibiga kiradi. Bunday kartellarning eng yiriklari “Michoakan oilasi” va “Xaliskoning yangi avlodi”dir.

Top