13:24 / 05.08.2015
13322

Samarqandning tungi klublarida o‘tkazilgan reydlarda 400 kishi qo‘lga olindi

Samarqand huquq-tartibot organlari tomonidan “Alterego”, “Pataya”, “Djovanni”, “Shahriston” va “Niagara” tungi klublarida o‘tkazilgan reydlarda mehnat va soliq qonunchiligining qo‘pol tarzda buzilib kelinayotgani aniqlandi. Bu haqda mahalliy jurnalist Toshpo‘lat Rahmatullayev o‘z blogida xabar qildi.
1 avgustdan 2 avgustga o‘tar kechasi uyushtirilgan reyd tungi klublar ishining tashkiliy tomonidagi barcha kamchiliklarni ko‘rsatib berdi, deb yozadi jurnalist. Ashyoviy dalil sifatida inkassatsiya qilinmagan 2 mln so‘m tushum, 30 mln so‘mli kontrafakt spirtli ichimliklar, tamaki mahsulotlar va chekishga mo‘ljallangan qorishmalar olindi. Klublarda “ikki tomonlama buxgalteriya” yuritilgani aniqlanib, joriy yilning o‘tgan davrida 250 mln so‘m mablag‘ uchun soliq to‘lanmaganligi ma'lum bo‘ldi.
Klublarda noqonuniy ishlayotgan 9 xodim, 30dan ortiq “yengil tabiatli” qizlar, 20 nafar raqqosa qo‘lga olindi. “Alterego” klubida marixuana izlari bor ikkita plastmassa idish topildi.
Qo‘lga olingan mijozlar ichida davlat muassasalari va huquq-tartibot organlari vakillari, badavlat tijoratchilarning o‘g‘illari bor. Ularning aksariyati mast holda yengil tabiat qizlar davrasida o‘tirganida qo‘lga olingan.
Qo‘lga olinganlarning umumiy soni 400 kishini tashkil qildi.

Top