16:49 / 06.08.2015
2542

“Mistral”lar Rossiya va Fransiya aloqalariga salbiy ta'sir ko‘rsatmaydi

“Mistral”lar Rossiya va Fransiya aloqalariga salbiy ta'sir ko‘rsatmaydi. Bu haqda Rossiya prezidentining matbuot kotibi Dmitriy Peskov bayonot berdi.
Eslatib o‘tamiz, “Mistral” toifasidagi ikkita vertolyot tashuvchi kemalarni qurish va yetkazish borasidagi 1.12 mlrd yevrolik shartnoma 2011 yil iyunida imzolangan edi. Ammo Rossiyaga nisbatan sanksiyalar joriy qilinishi munosabati bilan Fransiya ushbu shartnomani bir tomonlama to‘xtatishga qaror qildi.
Bugun Rossiya va Fransiya prezidentlari Vladimir Putin va Fransua Olland “Mistral”lar qurilishi va yetkazilishi bo‘yicha shartnomani to‘xtatish bo‘yicha kelishuvga erishgani xabat qilindi. Ekspertlar o‘rtasidagi bahs-munozaralardan so‘ng Fransiya avansni, shuningdek, Rossiyaga tegishli asbob-uskuna va jihozlarni qaytarishi haqida kelishuvga erishilgani Kreml tomonidan tasdiqlandi. Ta'kidlanishicha, Fransiya kerakli mablag‘ni Rossiyaning tegishli hisoblariga o‘tkazib bo‘ldi va jihozlar qaytarilganidan so‘ng kemalarga to‘la egalik qilish huquqini qo‘lga kiritadi. Ushbu ma'lumotlar Yelisey saroyi tomonidan ham tasdiqlandi.
To‘lov miqdori haqidagi savolga javob berarkan, Peskov buni aniq ayta olmasligini ta'kidladi: “Aniq summa haqida gapirmayman. Bu substantiv, tijoriy axborot”.
Shu bilan birga, Kreml vakili shu bilan “Mistral”lar masalasi butunlay yopilganligini ta'kidlab o‘tdi: “Moskva ushbu muammo nazorat ostiga olindi deb hisoblaydi, shunday ekan, mavzu yopildi”.
Shu bilan birga, “Rostex” davlat korporatsiyasi direktorining tashqi iqtisodiy faoliyat bo‘yicha o‘rinbosari Dmitriy Shugayev Fransiya bilan aloqalar samarali davom etishiga ishonch bildirdi.
“Biz hamkorlik uchun ochiqmiz, ko‘plab hamkorlarimiz o‘z qonunchilik tashabbuslari doirasida qolayotganini tushunamiz, ammo aloqalarni yo‘qotmayapmiz, eshiklarni yopmayapmiz va aloqalarni uzish to‘g‘ri emas deb hisoblaymiz”, – ta'kidladi u.

Top