10:31 / 06.08.2015
3418

BMT: Xirosima fojiasi qurolsizlanishning dolzarbligini ko‘rsatmoqda

BMT bosh kotibi Pan Gi Mun Yaponiyaning Xirosima shahri bombardimon qilinishining 70 yilligi munosabati bilan murojaatnoma yo‘lladi. Unda yadroviy quroldan butunlay qutulishning zarurligi yana bir ta'kidlandi.
1945 yil 6 avgusti soat 8:00da bir guruh AQSh harbiy samolyotlari shaharga yaqinlasha boshladi. Yaponiya havo hujumiga qarshi kuchlari buni ko‘rsa-da, samolyotlarni ushlab qolmadi. Natijada polkovnik Pol Tibbets boshqarayotgan B-29 "Enola Gey" bombardimonchi samolyoti to‘siqlarsiz shahar markaziga yetib borib, uning ustiga “Mittivoy” nomli 4 tonnali uran bombasini tashlab yubordi. Buning natijasida bir necha soniya ichida 70-100 ming kishi halok bo‘ldi. Shahar butunlay yer yuzidan supurib tashlandi.
Tirik qolganlar nurlanish kasalidan keyinchalik olamdan o‘tdi. Bir kun ichida atom bombasining qurbonlari soni 292 325 kishini tashkil qildi. Tirik qolib, nurlanish kasalidan aziyat chekayotgan odamlar soni esa bugungi kunda 183 519 kishini tashkil qilmoqda. Ularning aksariyat qismi hayotini yadroviy qurolga va urushga qarshi kurashishga, shuningdek, ma'rifatparvarlikka bag‘ishlagan.
Ushbu sana munosabati bilan Yaponiyada Xirosima shahriga atom bombasi tashlanishiga 70 yil to‘lishiga bag‘ishlangan xotira tadbirlari o‘tkazilmoqda. Asosiy marosim an'anaviy tarzda shahar markazidagi Tinchlik bog‘ida bo‘lib o‘tmoqda. Joriy yilda xotira marosimida 100dan ortiq mamlakat vakillari ishtirok etadi. Shahar hokimiyati jami 157 mamlakatga taklifnomalar yuborgan edi.
“Bu xotira butun dunyoga tarqalishi va insonlarga yadroviy quroldan butunlay qutulish zaruratini eslatib turishi lozim”, – ta'kidlandi Pan Gi Munning murojjatida.
Murojaatnoma BMT bosh kotibining qurolsizlanish bo‘yicha oliy vakili Kim Von Su tomonidan tadbir chog‘ida o‘qib eshittirildi.

Top