21:06 / 06.08.2015
9653

Buxoroda soxta dalolatnomalar fosh etildi

Buxoroda soxta dalolatnomalar yordamida katta miqdordagi pulni o‘zlashtirgan Marsian Plus MChJ rahbari Jamshid Qodirov jazoga tortildi. Bu haqda “Huquq” gazetasi yozmoqda.

Aytilishicha, Qodirov yagona davlat buyurtmachi injiniring kompaniyasi loyihalarni boshqarish va qurilishlarning texnik kuzatuvi bo‘yicha yetakchi mutaxassisi bilan o‘zaro til biriktirib, 2014 yil 15 yanvarda pudrat shartnomasini tuzgan va musiqa va san'at maktabi qurilishiga kirishgan.
Ammo u smetadagi ishlarni yengillashtirib, ko‘rsatilgan pullardan bir qismini o‘zlashtirishga harakat qilgan. Jumladan, deraza oynalari ikki qavat ko‘rsatilgan bo‘lishiga qaramay, ularni bir qavat qilib tayyorlagan. Havo almashtirish uskunalari esa faqat qog‘ozda “o‘rnatilgan”. Natijada 113.785 mln so‘mlik bajarilmagan ish hajmlari hamda 466 ming so‘mlik sifatsiz bajarilgan ishlar haqida dalolatnomalarga soxta ma'lumotlar kiritilgan.
Qurilish bitgach, “Buxoroloyiha” MChJ ekspertlari tomonidan o‘tkazilgan tekshiruv bu faktlarni fosh etdi. Yagona buyurtmachi injiniring kompaniyasi direktori Sh. Aripov Qodirovdan holatni 3 kun ichida to‘g‘irlashni talab qilgan. Bu ish amalga oshirilmagach, tegishli tashkilotlarga murojaat qilingan, natijada Qodirov javobgarlikka tortildi.

Top