18:32 / 06.08.2015
2144

Facebook’ning yangi patenti banklarga kambag‘al do‘stlarga ega mijozlarga kredit taqdim etmaslik imkonini beradi

Facebook kompaniyasi yangi tizim uchun patent oldi. U kompaniyaga banklarga avtomatik tarzda foydalanuvchining do‘stlari qanday to‘lov qobiliyatiga ega ekanligi haqida axborot uzatish imkonini beradi. Shu axborot asosida banklar mijozga kredit taqdim etish yoki etmaslik haqida qaror qabul qilishi mumkin bo‘ladi. Bu haqdagi xabar 4 avgust kuni AQSh patent va tovar belgilari bo‘yicha byurosining rasmiy saytida paydo bo‘ldi.

Ijtimoiy tarmoqqa kiritilajak mexanizm foydalanuvchilarning moliyaviy ko‘rsatkichlariga asoslanadi. Banklar esa, o‘z navbatida, u yoki bu mijozning kredit murojaatnomasini olib, ijtimoiy tarmoqdagi ma'lumotlarga murojaat etadi hamda murojaatchining do‘stlari qanday moliyaviy ahvolda ekanligini o‘rganib chiqadi.

Agar umumiy kredit reytingi kerakli miqdorga yetsa yoki undan oshsa, ijtimoiy tarmoq bankka hujjatlar paketini ko‘rib chiqish mumkinligini ma'lum qiladi. Agar do‘stlar reytingi pastroq bo‘lib chiqsa, kredit murojaatnomasi avtomatik tarzda rad qilinadi.
Patent matnida aytilishicha, kredit tarixida barcha do‘stlarning ko‘rsatkichlari hisobga olinmaydi. Asosan eng yaqin do‘stlarga e'tibor qaratiladi. Murojaatchi va uning o‘rganilayotgan do‘sti o‘rtasida ishonchli aloqalar qanchalar kam bo‘lsa, o‘sha do‘stning kredit tarixidagi ahamiyati ham shunchalik kam bo‘ladi.

Ammo kredit tarixini tekshirish yangi patentda ko‘zda tutilgan holatlardan bittasidir. Texnologiyadan foydalanishning boshqa variantlari ichida foydalanuvchini spamdan va reklamadan himoya qilish ham bor. Bu ishlar ishonchli aloqalarni va foydalanuvchining qiziqishlarini o‘rganish asosida amalga oshiriladi.

Ayni paytda Facebook o‘z foydalanuvchilarining moliyaviy ma'lumotlarini banklarga uzatish imkoniyatiga ega emas. Ko‘plab kredit tashkilotlari qarz so‘rovchilarning ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarini o‘rganib, shu asosda uning ishonchligigi haqida xulosa qilishga intiladi.

Top