10:09 / 06.08.2015
1859

Filippin shimolida “Soudelor” tayfunining yaqinlashishi bois po‘rtana xavfi e'lon qilindi

Filippinning shimoliy viloyatlarida joriy yilning eng shiddatli tayfuni bo‘lmish “Soudelor”ning yaqinlashishi munosabati bilan po‘rtana xavfi e'lon qilindi. Bu haqda milliy atmosfera, geofizika va astronomiya xizmati ma'lum qildi.
Tabiiy ofat arxipelagning eng shimoliy oroli bo‘lmish Batanesga ayniqsa jiddiy tahdid solmoqda. U yerda kunning ikkinchi yarmida kuchli yog‘ingarchilik va shiddatli shamol boshlanishi kutilmoqda.
Sinoptiklar bergan ma'lumotlarga qaraganda, tayfun mamlakat hududidan shanba kuniga qadar o‘tadi, undan so‘ng esa shimoli-g‘arbga ko‘chadi va Xitoyning janubiy hamda sharqiy qirg‘oq viloyatlariga yaqinlashadi.
Shu bilan birga, ofat sekin-asta kuchini yo‘qotmoqda. Bugungi kunda shamol tezligi episentrda 210 km/soatni tashkil qilmoqda, kecha bu ko‘rsatkich 250 km/soatga teng edi.
7 ming oroldan iborat Filippin arxipelagi har yili 27tagacha tayfun va po‘rtanalardan aziyat chekadi. Meteokuzatuvlar tarixidagi eng vayronkor tayfun – “Xayyan” 2013 noyabrida 6 ming kishini hayotdan olib ketib, 10 ming aholijoylarda istiqomat qiluvchi 12 mln aholiga u yoki bu darajada ziyon keltirdi.

Top