08:14 / 06.08.2015
7345

Forbes IT sohasidagi 2015 yilning eng boy odamlari yuzligini e'lon qildi

Forbes jurnali 2015 yilda yuqori texnologiyalar sohasida eng katta muvaffaqiyatga erishgan tadbirkorlar nomini aytdi. Yillik reyting jurnalning rasmiy saytida e'lon qilindi.
Yuz nomdan iborat ushbu ro‘yxatga 51 nafar amerikalik, 33 nafar Osiyo-Tinch okeani mintaqasi vakili, 8 nafar yevropalik, 2 nafar isroillik, 1 Lotin Amerikasi vakili kirdi. Bu shaxslardan 40 nafari AQShning Kaliforniya shtatida yashaydi.

Birinchi o‘rinni an'anaviy tarzda sayyoraning eng boy odami Bill Geyts egalladi. Uning boyligi 2015 yil holatiga ko‘ra 79.6 mlrd dollarga baholandi, shundan 13 foizi Microsoft aksiyalariga kiritilgan. O‘zi yaratgan kompaniya aksiyalaridan Geyts 2014 yildan – direktorlar kengashini tark etgandan buyon qutulib kelmoqda.
Ikkinchi o‘rinni Oracle asoschisi Larri Ellison 50 mlrd dollar bilan egalladi. O‘tgan yili Ellison bosh direktorlikni Safra Kats va Mark Xerdga topshirdi, o‘zi esa direktorlar kengashi raisi bo‘lib qoldi.

Uchinchi o‘rinda Jyef Bezos turibdi. Uning 48 mlrd dollarlik kapitalining 90 foizi Amazon aksiyalaridan iborat. Kompaniya 2015 yil iyulida kutilmaganda ulkan o‘sish namoyish qildi, Bezosning boyligi yil boshidan buyon 13 mlrd dollarga ko‘paydi.
Eng boy ITchilarning umumiy boyligi 842.9 mlrd dollarga baholandi. Ularning o‘rtacha yoshi 53ni tashkil qildi. Eng yosh milliarder Snapchat asoschisi va bosh direktori Evan Shpigel bo‘lib chiqdi – u hozir 25 yoshda. Intel’ning asoschilaridan biri, 86 yoshli Gordon Mur esa eng keksa milliarder deb topildi. 100 kishidan 94 nafari noldan boshlab boylikka erishgan.
Ro‘yxatga kirganlarning 7 nafari ayollardir.

Top