15:44 / 06.08.2015
13012

"IShID" intim jihoddan bosh tortgan 19 nafar ayolni qatl qildi

"IShID" jangarilari asirlikdagi 19 nafar ayolni intim jihodga rozi bo‘lmagani uchun qatl qildi. Bu haqda Kurdiston demokratik partiyasining rasmiy vakiliga asoslangan holda The Daily Mail nashri xabar bergan.

Uning aytishicha, bu voqea Mosul shahrida sodir bo‘lgan. Marhumalarning millati haqida ma'lumot berilmagan.

4 avgust kuni BMT Bosh kotibining jinsiy zo‘ravonlik va to‘qnashuvlar bo‘yicha maxsus vakili Zaynab Bangura “IShID” terrorchilik tashkiloti jangarilari qo‘lga olingan ayollar va bolalarga narxlar belgilangan prays-listni tarqatgani haqida ma'lum qilgandi.

“Qizlarni go‘yoki neftni sotgandek sotishmoqda. Har bir qizni 5-6 erkak sotib olishi yoki sotib yuborishi mumkin. Ba'zida jangarilar qizlarni o‘z oilalariga minglab dollar evaziga qaytarishmoqda”, deb ma'lum qildi Bangura.
Banguraning aytishicha, 1 yoshdan 9 yoshgacha bo‘lgan qizlar va o‘g‘il bolalar 165 dollar, 11-16 yoshli o‘smirlar 124 dollardan sotiladi.

Ma'lumot uchun, "intim jihod" atamasi 2013 yilda paydo bo‘lgan. O‘shanda asli kelib chiqishi saudiyalik vahobiy Muhammad al-Arifi ayollarning Suriyadagi "IShID" vakillariga Bashar Asad rejimiga qarshi kurashishda yordam berishi uchun da'vat qilgandi. Shundan keyin dunyoning turli davlatlaridan yuzlab ayollar "intim jihod" uchun Suriyaga kelishgan. Bundan tashqari jangarilar qo‘lida asirlikda turgan o‘zga din vakillari bo‘lgan yuzlab ayollar ham "intim jihod"ga majbur qilinishgan.

Top