16:37 / 06.08.2015
2558

Moskvaliklar yo‘l tirbandligini shaharning eng o‘tkir muammosi deb tan oldi

Moskva shahrining eng jiddiy muammolari, shaharliklarning fikricha, yo‘l tirbandliklari (53 foiz) va birinchi ehtiyoj mollari narxining balandligidir (42 foiz). Bu borada Levada-sentr tomonidan o‘tkazilgan so‘rovnoma natijalari Interfaks agentligi tomonidan e'lon qilindi.

Shuningdek, so‘rovnoma ishtirokchilari eng jiddiy muammolari beshtaligiga MDH va Shimoliy Kavkazdan kelgan muhojirlar sonining ko‘pligini (35 foiz), zararli chiqindilar va avtomobillar shovqinini (30 foiz) hamda kommunal to‘lovlarning oshishini (29 foiz) kiritishdi.

Boshqa muammolar qatorida ko‘chalardagi chiqindilar, poliklinikalarning kamligi, ularning ish faoliyati yaxshi yo‘lga qo‘yilmagani, sifatsiz tibbiy xizmat, yo‘l qoplamasining sifatsizligi, daromadning kamligi, suv va havoni ifloslantirayotgan korxonalar, atrof muhitning ifloslanishi, giyohvandlik va ichkilikbozlikning ko‘payishi tilga olindi.

So‘rovnoma 30 iyundan 6 iyulga qadar 18 yoshdan oshgan 875 nafar moskvalik orasida o‘tkazilgan. Respondentlardan ularni tashvishga solayotgan 5-6ta muammoni sanab o‘tish so‘ralgan.

Top