17:06 / 06.08.2015
1833

Noyabrda YeI Afrika mamlakatlari bilan noqonuniy migratsiya masalasini muhokama qiladi

Joriy yilning noyabr oyida Yevropa Ittifoqi Afrika davlatlari bilan hamkorlikda noqonuniy migratsiya masalalariga bag‘ishlangan konferensiya o‘tkazadi. Bu haqda Yevrokomissiyaning rasmiy vakili Natasha Berto bayonot berdi.
Eslatib o‘tamiz, yaqindagina Liviya sohilidan 30 km narida muhojirlarni Yevropaga olib ketayotgan navbatdagi kema halokatga uchrashi oqibatida 25 kishi halok bo‘ldi, 400 kishi qutqarildi, 200 kishi dom-daraksiz ketgan deb hisoblanmoqda.
“Migratsiya masalalariga oddiy yechim yo‘q. YeI ayni paytda noyabr oyining o‘rtalarida Afrika davlatlari bilan ushbu masalani muhokama qilish uchun konferensiya tashkil etishni rejalashtirmoqda”, – dedi Berto xonim.
Bunda u Yevropa Kengashining tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha oliy vakili Federika Mogerini, Yevrokomissiya rahbarining migratsiya bo‘yicha o‘rinbosari Frans Timmermans va Yevrokomissarning ichki ishlar va fuqarolik masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Dimitris Avramopulosning qo‘shma bayonotiga tayanib fikr bildirdi.
Shuningdek, delegatsiya vakillari kema halokatida qurbon bo‘lganlarning xotirasini yodga olib, ularning qarindoshlariga va yaqinlariga o‘z ta'ziyalarini bildirishdi.

Top