20:43 / 06.08.2015
2809

Turkiya Suriya chegarasida harbiy salohiyatini kuchaytirmoqda

Turkiya armiyasi mamlakatning janubi-sharqida joylashgan, Suriya bilan chegaradosh Shirnak viloyatida o‘zining pozitsiyalarini mustahkamlamoqda. U yerga qo‘shimcha og‘ir qurol-aslaha yuborilmoqda, deb xabar bermoqda Hurriyet gazetasi.

Harbiy texnika, shuningdek, tank va artilleriya quroli Suriya bilan bevosita yaqin masofadagi baland tepaliklarda joylashtirilmoqda. Chegaradosh hududlarni nazorat qilish kuchaytirildi.

Turkiya qurolli kuchlari 24 iyuldan beri Suriya shimolidagi “IShID” terrorchilik guruhi va Iroq shimolidagi Kurdiston ishchi partiyasi pozitsiyalariga hujum uyushtirmoqda. Zarbalar Turkiyaning chegaraoldi hududlaridan F-16 qiruvchi samolyotlari, tanklar va artilleriya yordamida berilmoqda.

5 avgust kuni Turkiyaning janubida joylashgan Injirliq bazasida dislokatsiya qilingan AQShning jangovor uchuvchisiz parvoz qurilmasi tomonidan “IShID” pozitsiyalariga ilk zarbalar berildi. Turkiya Tashqi ishlar vaziri Mavlud Chovusho‘g‘luning aytishicha, Anqara va Vashington yaqin orada “IShID”ga qarshi katta miqyosdagi birgalikdagi operatsiya o‘tkazadilar.

Top