14:38 / 08.08.2015
9977

GM Uzbekistan: Korxona ishchilariga maoshlar uzluksiz berib borilmoqda

GM Uzbekistan aksiyadorlik jamiyati qo‘shma korxonasi xorij OAVlarida korxona tomonidan Asakadagi zavod xodimlariga bir necha oydan beri maoshlar berilmayotgani haqida tarqatilgan xabarlarni inkor qildi.

"Bu xabarlarda zarracha haqiqat mavjud emas. Ishchilarning maoshi odatdagidek o‘z vaqtida berib kelinmoqda", deydi GM Uzbekistan ma'muriyati vakili.
Qo‘shimcha qilinishicha, korxona ayni vaqtda o‘z bozorini kengaytirish ustida ish olib bormoqda.

Ma'lumot uchun, shu yilning 3 avgustidan boshlab Asakadagi avtomobil zavodi profilaktika ishlari va yangi texnikalar o‘rnatilishi munosabati bilan ishlab chiqarish to‘xtatib turish haqida qaror qabul qilingan.

Qayd etish joizki kompaniya 2015 yilning birinchi yarmida ishlab chiqarish hajmini o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 6.5 foizga kamaytirib, 119.412 ming avtomobil ishlab chiqargan edi. Bu Rossiyadagi xaridlarning keskin tushib ketishi bilan bog‘langan edi. Yevropa biznesi uyushmasi avtomobilsozlar qo‘mitasi bergan ma'lumotlarga ko‘ra, hisobot davrida GM Uzbekistan’ning Rossiyadagi savdolari 1.57 barobarga tushib ketgan.

Top