07:05 / 08.08.2015
3394

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining uchinchi yalpi majlisi ikkinchi kuni O‘zbekiston Markaziy banki hisoboti tinglandi

2015 yil 7 avgust kuni Toshkent shahrida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining uchinchi yalpi majlisi o‘z ishini davom ettirdi.

Senatorlar yalpi majlisning ikkinchi kunini «O‘zbekiston Respublikasi va Germaniya Federativ Respublikasi o‘rtasida daromad va mol-mulk soliqlari yuzasidan ikki yoqlama soliqqa tortishning oldini olish to‘g‘risida 1999 yil 7 sentabrdagi Bitimga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risidagi Bayonnomani (Berlin, 2014 yil 14 oktabr) ratifikatsiya qilish haqida»gi O‘zbekiston Respublikasi qonuni to‘g‘risidagi masalani ko‘rib chiqishdan boshladilar.

Senatorlarning fikricha, ushbu Bayonnomaning qabul qilinishi ikki mamlakat o‘rtasida soliqqa doir axborot almashish jarayonini tezlashtirishga, soliqlar to‘lashdagi turli suiiste'molliklarga qarshi kurashishga, shuningdek, rezidentlar tomonidan to‘lanmagan soliqlarning tomonlar byudjyetlariga o‘z vaqtida kelib tushishiga ko‘maklashadi.

Shundan so‘ng senatorlar O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 80-moddasiga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankining 2014 yildagi faoliyati to‘g‘risidagi hisobotni eshitdilar. Ta'kidlandiki, o‘tgan yilda Markaziy bankning faoliyati «O‘zbekiston Respublikasining Markaziy banki to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi qonuniga muvofiq amalga oshirildi hamda Vazirlar Mahkamasining 2013 yilda mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yakunlariga va 2014 yilga mo‘ljallangan iqtisodiy dasturning eng muhim ustuvor yo‘nalishlariga bag‘ishlangan majlisida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov tomonidan, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining «O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki boshqaruvi raisining O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankining 2013 yildagi faoliyati to‘g‘risidagi hisoboti haqida»gi qarorida belgilangan vazifalarni so‘zsiz bajarishga qaratildi.

 Hisobotni eshitish chog‘ida qayd etilganidek, hisobot yilida bank tizimi kapitalining yetarlilik darajasi 23,8 foizni tashkil etdi, bu esa bank nazorati bo‘yicha Bazel qo‘mitasi tomonidan belgilangan normativ talablardan 3 baravar ortiqdir. Bank tizimi barqarorligini baholash omillaridan biri hisoblangan joriy likvidlik darajasi bir necha yil davomida 64,62 foizdan ortiq bo‘lmoqda, bu esa xalqaro ko‘lamda belgilangan eng kam darajadan 2 baravar yuqoridir. Hisobot yilida bank aktivlari 28,2 foizga oshdi va 56,2 trillion so‘mni tashkil etdi.

Shu bilan birga senatorlar O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki faoliyatining samaradorligini yanada oshirish yuzasidan taklif va tavsiyalarni bildirdilar.

Majlisda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati vakolatiga kiradigan boshqa masalalar ham ko‘rib chiqildi. Barcha ko‘rib chiqilgan masalalar yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining tegishli qarorlari qabul qilindi.

Senatning ikki kun davom etgan majlisi yakunlariga ko‘ra hammasi bo‘lib 11 ta masala, shu jumladan, 6 ta qonun ko‘rib chiqildi. 

Top