07:58 / 08.08.2015
3928

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining uchinchi yalpi majlisi o‘z ishini yakunladi

2015 yil 7 avgust kuni Toshkent shahrida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining uchinchi yalpi majlisi o‘z ishini davom ettirdi.

Senatning ikki kun davom etgan majlisi yakunlariga ko‘ra hammasi bo‘lib 11 ta masala, shu jumladan, 6 ta qonun ko‘rib chiqildi.

Xususiy mulkning ishonchli himoya qilinishini ta'minlashga, tadbirkorlikni rivojlantirish yo‘lidagi to‘siq va g‘ovlarni bartaraf etishga, tadbirkorlik sub'yektlariga berilgan imtiyozlar hamda preferensiyalar so‘zsiz qo‘llanilishiga, tadbirkorlarning faoliyatiga to‘sqinlik qilganlik va qonunga xilof ravishda aralashganlik uchun davlat organlari mansabdor shaxslarining javobgarligini kuchaytirishga qaratilgan qonunlarning qabul qilinishi Senatning bo‘lib o‘tgan yalpi majlisidagi katta ahamiyatga ega voqea bo‘ldi. Bu esa, shak-shubhasiz, mamlakatimizdagi investitsiya muhitining yaxshilanishiga, tadbirkorlar faolligining oshishiga, ijtimoiy-iqtisodiy bozor islohotlarining chuqurlashishiga va o‘z navbatida, aholi farovonligining yuksalishiga, mamlakatimiz gullab-yashnashiga ko‘maklashadi.

Senat tomonidan ma'qullangan hamda sud-huquq sohasini yanada demokratlashtirish, jinoiy jazolar tizimini erkinlashtirish va insonparvarlik ruhi bilan yo‘g‘irishga qaratilgan qonunlarga muvofiq amaldagi qonun hujjatlariga kiritilgan o‘zgartish va qo‘shimchalar mamlakatda qonuniylik va huquq-tartibotni, xavfsizlikni ta'minlash, inson huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish tizimining samaradorligini oshirishga ko‘maklashadi.

Senatorlar jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirishning tashkiliy-huquqiy asoslarini yanada takomillashtirishni, ushbu sohadagi davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash samaradorligini oshirishni, shuningdek, mamlakatimizda sanitariya-epidemiologik osoyishtalikni ta'minlashni davom ettirishni, kasalliklarning oldini olish tizimini rivojlantirishni nazarda tutuvchi qonunlarni ham ma'qulladilar.

Ma'qullangan qonunlar hamda qabul qilingan qarorlar demokratik, sotsial-iqtisodiy, ijtimoiy-siyosiy islohotlarni yanada chuqurlashtirishga hamda fuqarolik jamiyatini shakllantirishga, aholining turmush darajasini, mamlakatimiz farovonligini oshirishga ko‘maklashadi.

Shuning bilan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining uchinchi yalpi majlisi o‘z ishini yakunladi.

Top