20:42 / 09.08.2015
6062

“Formula-1” chempionining tanasi otalik testi uchun kovlab olindi

“Formula-1”ning besh karra chempioni Xuan Manuel Fanxioning tanasi Balkarke shahridagi qabristondan kovlab olindi. Bu haqda f1news.ru sayti xabar berdi.
Bu taniqli argentinalik poygachi nomidagi jamg‘arma vakillari ishtirokida amalga oshirildi.
Mutaxassislar Fanxio DNKsini tahlildan o‘tkazib, uning Oskar Espinosa va Ruben Vaskesning otasi ekanligi haqidagi axborotni tekshiradi.
Rasman poygachi hech qachon turmush qurmagan, uning farzandlari borligi haqida ham axborot yo‘q.
Vaskesning so‘zlariga qaraganda, 2012 yili uning onasi o‘limi oldidan 103 yoshida notarius guvohligida maxsus hujjat imzolab, Vaskesning otasi Fanxio ekanligini tasdiqlagan. Vaskesning ta'kidlashicha, u sportchining merosiga ega chiqmoqchi emas, shunchaki uning familiyasini olish huquqi bor-yo‘qligini bilmoqchi.
Tahlil natijalari 2 oyda aniq bo‘ladi.

Top