21:15 / 10.08.2015
2934

Yevropa rekonstruksiya va taraqqiyot banki Tojikiston bo‘yicha yangi strategiyasini tasdiqladi

Yevropa rekonstruksiya va taraqqiyot banki (YeRTB) keyingi 4 yil ichida o‘zining Tojikistondagi faoliyatini belgilovchi Tojikiston bo‘yicha yangi strategiyasini tasdiqladi. Bu haqda YeRTBning Dushanbedagi vakolatxonasi ma'lum qildi.

Bankning bu davlatdagi asosiy ustuvor yo‘nalishlari quyidagilardan iborat: xususiy tadbirkorlik, ayniqsa kichik va o‘rta korxonalarni kengaytirish bilan iqtisodiy o‘sishni rag‘batlantirish va biznes muhitni yaxshilashga ko‘mak berish; kommunal xizmatlar sifatini, ularning operatsion va moliyaviy samaradorligini oshirish; mintaqaviy aloqalarni mustahkamlash va iqtisodiy integratsiya.     

YeRTB o‘zining Tojikistonga investitsiyalari hajmini 2014 yilda rekord darajadagi 75 mln dollarga yetkazgan edi. 2015 yilda bank Tojikistondagi mintaqaviy ahamiyatga ega katta miqyosdagi loyihalar, jumladan mamlakatning elektr uzatish tizimlarini modernizatsiyalash uchun 200 mln dollar investitsiya kiritishni rejalashtirmoqda.  

YeRTB 1992 yildan beri Tojikistonda yuritib kelayotgan faoliyati davomida ushbu mamlakat iqtisodiyotining turli tarmoqlariga 460 mln dollardan ko‘proq sarmoya kiritgan.

Top