19:40 / 10.08.2015
2797

Noma'lum shaxslar AQShning Istanbuldagi elchixonasini o‘qqa tutdi

10 avgust kunining ikkinchi yarmida AQShning Istanbuldagi elchixonasiga qurollangan noma'lum shaxslar tomonidan hujum uyushtirildi. Bu haqda Reyter ma'lum qilgan.

Guvohlarning aytishicha, elchixonaga bir ayol va bir erkak hujum qilgan. Ularga qarshi qo‘riqchilar tomonidan javob zarbasi berilgach, hujum qiluvchilar hududni tark etib, yashirinishgan.

Ba'zi manbalarga ko‘ra, hujum qilganlardan biri jarohatlangan va qo‘lga olingan.
Hozircha qo‘lga olingan ayolning shaxsi haqida aniq ma'lumot berilmagan.

Bu hujumdan biroz oldinroq, shaharning Sultobneyli mavzesida politsiya uchastkasi binosi oldida avtomobilga o‘rnatilgan bomba portlatilgandi. Natijada 3 nafar politsiyachi hamda 7 nafar tinch aholi vakili jarohatlangan.

9 avgust kuni ham Istanbuldagi politsiya uchastkalaridan biri oldida terakt sodir etilgan va 5 nafar politsiya xodimi hamda 2 nafar tinch aholi vakili jarohatlangandi.

Qayd etish kerakki, bu teraktlar shu yilning iyul oyida Turkiya va Kurdiston ishchilar partiyasi o‘rtasida boshlangan ziddiyatlarning bir qismi hisoblanadi. Turkiya samolyotlari tomonidan tashkilotning bazalariga bomba yog‘dilishlari davomida shu vaqtgacha 400 nafarga yaqin kishi halok bo‘lgan va yana shuncha odam jarohatlangan.

Top