11:03 / 11.08.2015
3518

363 mlrd dollar turuvchi Uorren Baffett xoldingi o‘z tarixidagi eng yirik kelishuvga erishdi

Milliarder Uorren Baffettga tegishli “Berkshire Hathaway” investitsion xoldingi aerokosmika va harbiy sanoat uchun metall konstruksiyalarini ishlab chiqarish bilan shug‘ullanuvchi “Precision Castparts” korporatsiyasini 32 mlrd dollar sotib olish bo‘yicha kelishuvga erishdi. “The Wall Street Journal” nashrining qayd etishicha, mazkur kelishuv kompaniya tarixidagi eng yirigi hisoblanadi.

“Berkshire Hathaway” “Precision Castparts”ning 193,88 dollar turuvchi aksiyalarini 21 foiz mukofot puli bilan 235 dollar qiymatda sotib oldi. Korporatsiya ulushi bilan qo‘shib hisoblanganda, kelishuv qiymati 37,2 mlrd dollarni tashkil etadi.

“Precision Castparts” mustahkam mahkamlovchi konstruksiyalar va aviaqurilish uchun turbina parraklari, shuningdek, elektr stansiyalari va neft-gaz sohasi uchun boshqa uskunalarni ishlab chiqaradi. Kompaniya bosh idorasi AQShning Oregon shtati Portled shahrida joylashgan.

Shu vaqtga qadar “Berkshire Hathaway” “Precision Castparts”ning 3 foiziga egalik qilar edi. Kelishuv 2016 yilning birinchi choragida nihoyasiga yetganidan so‘ng korporatsiya o‘z nomini saqlab qolishi xabar qilindi.

Ayni paytda “Berkshire Hathaway”ning bozor kapitalizatsiyasi 363 mlrd dollarni tashkil etib, ushbu ko‘rsatkichi bilan xolding dunyoda 4 o‘rinni egallaydi. Kompaniya sug‘urta biznesi, temir yo‘l transporti, kommunal tashkilotlari, sanoat ishlab chiqarishi, uy qurilishi, oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqish va avtomobil savdosi kabi sohalarga investitsiyalar kiritish bilan shug‘ullanadi.

Top