15:46 / 11.08.2015
5849

Avtobuslarning kechikishi «Toshshahartransxizmat»ning katta miqdordagi qarzi bilan bog‘landi

«Toshshahartransxizmat» aksiyadorlik kompaniyasi “O‘zbekneftegaz” milliy xolding kompaniyasiga yonilg‘i uchun oldindan to‘lovni amalga oshirmagani hamda muqaddam olingan dizel yonilg‘isi uchun katta miqdorda qarz mavjudligi ma'lum bo‘ldi.

“O‘zbekneftegaz” MXK axborot xizmatining xabar berishicha, Vazirlar Mahkamasining 2004 yil 5 fevraldagi “Mahsulotlar, xom ashyo va materiallarning yuqori likvidli turlarini sotishning bozor mexanizmlarini joriy etishni davom ettirish to‘g‘risida”gi qarori asosida “O‘zbekneftegaz” milliy xolding kompaniyasi «Toshshahartransxizmat» aksiyadorlik kompaniyasiga yonilg‘i mahsulotlarini 100 foiz to‘lov amalga oshirish asosida to‘liq miqdorda yetkazib beradi.

Bundan avvalroq esa «Toshshahartransxizmat» AK o‘z saytida yonilg‘i yetkazib berish kamaygani bois avtobuslar qatnov intervali 30 foizga uzayishi haqidagi xabarni e'lon qilgan edi.

Jamoat transportidagi intervalning uzaytirilishi esa ijtimoiy tarmoqlari foydalanuvchilari tomonidan qizg‘in muhokama qilingan edi.

Top