16:09 / 11.08.2015
7650

Yevropa kengashida Moldova navbatdagi qaynoq nuqta bo‘lishi mumkinligi aytildi

Moldova yangi qaynoq nuqtaga aylanish xavfi ostida turibdi, mazkur mamlakatdagi inqiroz esa o‘z chegaralaridan tashqariga chiqishi mumkin. Bunday fikr Yevropa kengashi bosh kotibi Turbern Yagland tomonidan bildirildi, deyiladi The New York Times nashri chop etgan maqolada.

Uning fikricha, Moldova hukumati qayta qurishni amalga oshirishga shoshilishi lozim. Aks holda mamlakat chuqur iqtisodiy inqirozlar bilan yuzma-yuz kelishi mumkin.

Yaglandnig qayd etishicha, 2009 yilda hokimiyat tepasiga kelgan Yevropaga moyil siyosiy kuchlarning urinishlari mavjud vaziyatning barqarorlashuviga olib kelmadi.

“Poraxo‘rlik avj olmoqda, hukumat bo‘lsa hali-hamon boyvachchalar qo‘lida, hayot darajasining pastligi esa fuqarolarni o‘z yurtini tashlab ketishiga sabab bo‘lmoqda”, deb yozadi Yagland.

“Kishinyov Ukraina hodisalaridan to‘g‘ri xulosa chiqarishi hamda vaziyatning ushbu tahlit rivojlanishiga yo‘l qo‘ymasligi lozim. Bugungi Yevropada davlatning mustahkamligi va barqarorligi uning demokratiyani qay darajada ushlab turgani hamda qonun ustuvorligiga bog‘liq. Biz Ukrainadagi inqiroz xalqning siyosiy institutlardan butkul ko‘ngli qolganidan so‘ng vujudga kelganini unutmasligimiz lozim”, deya qayd etib o‘tadi bosh kotib.

Uning fikricha, hukumat birinchi bo‘lib korrupsiyaga qarshi keskin kurash olib borishi, banklarni mustahkamlashi va sud tizimini siyosiy aralashuvlardan himoya qilishga katta e'tibor qaratishi lozim.

Top