18:13 / 11.08.2015
3502

Jyennifer Eniston Emirates Airline aviakompaniyasi yuziga aylandi

Gollivud aktrisasi Jyennifer Eniston Birlashgan Arab Amirliklarining Emirates Airline kompaniyasi yuziga aylandi.

Mazkur ma'lumotni aviakompaniya vakili ham tasdiqladi, biroq shartnoma shartlari noma'lumligicha qolmoqda, deya xabar tarqatdi The National.

New York Post nashri esa o‘zining shaxsiy axborot manbasiga asoslanib, Eniston bilan shartnoma bahosi 5 million dollar ekanini e'lon qildi. Kelishuv shartlariga ko‘ra, aktrisa aviakompaniyaning bir qancha reklama roliklarida suratga tushadi, shuningdek, uning tasvirlari gazetalardagi e'lonlarda ham chop etiladi.

Bundan avvalroq “Real” jamoasi o‘yinchisi, portugaliyalik futbolchi Krishtianu Ronaldu Emirates Airline`ning xalqaro elchisi bo‘lgan edi. 2014 yilgi jahon chempionati boshlanishidan ikki hafta oldin Ronaldu Pele bilan birgalikda reklama roligida suratga tushgan edi.

BAAning yana bir aviakompaniyasi — Etihad Airways esa aktrisa Nikol Kidman bilan shartnoma imzoladi.

Jyennifer Eniston NBC telekanali orqali 1994-2004 yillar davomida namoyish etilgan “Do‘stlar” serialidagi Reychel Grin roli bilan mashhur. Aktrisa “Emmi”, “Oltin globus” mukofotlariga sazovor bo‘lgan.

Top