10:11 / 11.08.2015
4208

O‘zbekistonga kiruvchi xorijiy avtomobillardan undirilgan pulning haqiqiyligi texnik vositalarda tekshiriladi

Markaziy bank va davlat bojxona qo‘mitasining qo‘shma qarori bilan O‘zbekiston Respublikasi hududiga xorijiy davlatlar avtotransport vositalarining kirishi va tranziti uchun to‘lov olish to‘g‘risidagi yangi nizom tasdiqlandi. 1999 yili qabul qilingan eski tartib kuchini yo‘qotgan deb topildi.

Respublika hududidan xorijiy mashinalarning o‘tishi va tranziti uchun to‘lov stavkalari O‘zbekiston prezidentining davlat byudjyetining asosiy makroiqtisodiy ko‘rsatkichlari va parametrlari prognozi to‘g‘risidagi qarori bilan belgilab beriladi. 2015 yil uchun stavkalar 2014 yil 4 dekabrdagi PQ-2270 raqamli qarorning 24-ilovasida ko‘rsatilgan.

Yangi tartibda ko‘rsatilishicha, to‘lovlar ilgarigiday xorijiy valyutada naqd va naqd bo‘lmagan shakllarda amalga oshiriladi. Buning uchun bojxona postlarida vakolatli banklarning kassalari tashkil etiladi. Ular ishini tashkil etish, inkassatsiya va qimmatliklarni tashish tegishli huquqiy-me'yoriy hujjatlar asosida amalga oshiriladi.
Nizomga kiritilgan asosiy o‘zgarish maxsus kassalarning moddiy-texnik ta'minotiga doir. Endilikda kassalar zarur texnika, muhr va shtamplar, blankalar bilan ta'minlanadi. Shuningdek, kassir texnik vositalar yordamida xorijiy valyutaning haqiqiyligini tekshirishi ko‘zda tutilgan.

Top