17:30 / 11.08.2015
11833

O‘zbekistonning “Prokuratura to‘g‘risida”gi qonuniga qo‘shimchalar kiritildi

10 avgust kuni O‘zbekiston prezidenti “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonunchilik aktlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonunni imzoladi. Unga ko‘ra, Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga, “O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi to‘g‘risida”gi, “Prokuratura to‘g‘risida”gi, “Me'yoriy-huquqiy aktlar to‘g‘risida”gi qonunlarga ham ma'lum o‘zgartishlar kiritildi.

Qonun parlamentning quyi palatasi tomonidan 29 iyul kuni qabul qilinib, 6 avgust kuni Senat tomonidan ma'qullandi. 11 avgust kuni qonunning OAVda e'lon qilinishi bilan u kuchga kirdi.

Xususan, “Prokuratura to‘g‘risida”gi qonunning 14-moddasiga ikkita qo‘shimcha band kiritildi.

Ularga ko‘ra, endilikda bosh prokuror prezidentga davlat boshqaruvi organlari va hokimlarning aktlarini ularning tekshiruv mobaynida qonunchilik me'yorlariga mos emasligi aniqlangan taqdirda to‘xtatish haqida takliflar kiritish huquqiga ega bo‘ldi.

Bundan tashqari, prokuror bunday aktlar fuqarolarning konstitutsion huquq va erkinliklarini cheklagan taqdirda ularni to‘xtatish borasida takliflar kiritishi mumkin bo‘ladi.

Top