10 avgust kuni O‘zbekiston prezidenti “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonunchilik aktlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonunni imzoladi. Unga ko‘ra, Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga, “O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi to‘g‘risida”gi, “Prokuratura to‘g‘risida”gi, “Me'yoriy-huquqiy aktlar to‘g‘risida”gi qonunlarga ham ma'lum o‘zgartishlar kiritildi.
Qonun parlamentning quyi palatasi tomonidan 29 iyul kuni qabul qilinib, 6 avgust kuni Senat tomonidan ma'qullandi. 11 avgust kuni qonunning OAVda e'lon qilinishi bilan u kuchga kirdi.
Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 128-1 moddasiga kiritilgan o‘zgartishga ko‘ra, transport vositalari haydovchilarining belgilangan tezlikni 40 km/soatga oshirishi eng kam oylik ish haqining 7 barobarida jarima undirilishi bilan jazolanadi.
Belgilangan tezlikni oshirish uchun belgilangan boshqa jarimalar miqdori o‘zgarmadi.