11:37 / 11.08.2015
2768

The Economist jurnali sotuvga qo‘yildi

The Financial Times nashrining xabar berishicha, Britaniyaning Pearson noshirlik uyi The Economist Groupning o‘ziga tegishli ulushini 400 million funt sterling (taxminan 620 million dollar) evaziga sotuvga qo‘ydi.

Yaqin kunlarda Pearsonning The Economist Groupdagi ulushini sotish bo‘yicha rasman e'lon qilinishi kutilmoqda. Hozircha mazkur xabarga Pearson boshqaruvchilaridan hech kim izoh bergani yo‘q. Biroq, ma'lumotlarga qaraganda, bunga qadar Pearson jurnalni sotish bo‘yicha Amerikaning Hearst mediakorporatsiyasi bilan muzokaralar olib borgan, biroq kelishuv noma'lum sabablarga ko‘ra amalga oshmagan.

Kompaniya The Economist va The Financial Times nashrlarini sotish qarorini ta'limiy adabiyotlarni chop etishga to‘liq e'tibor qaratish va mediaaktivlardan xalos bo‘lish istagida ekanligi bilan izohladi. The Economist sotilganidan so‘ng Pearson ta'limiy adabiyotlar chop etilishi bilan bog‘liq bo‘lmagan faqatgina bitta mediaaktiv – kitob nashr qiluvchi “Penguin Random House” nashriyot uyining 47 foizlik aksiyalariga egalik qiladi.

Pearson noshirlik uyi 1957 yildan buyon The Economist haftalik jurnalini chop etuvchi The Economist Groupning 50 foiz aksiyalariga egalik qilib kelar edi. Iyul oyida Pearson o‘ziga tegishli bo‘lgan The Financial Times nashrini ham Yaponiyaning Nikkei mediakorporatsiyasiga 844 million funt sterling (taxminan 1,3 milliard dollar)ga sotib yuborgan edi.

Pearson`ning xarid ulushi, The Financial Times ma'lumotiga ko‘ra, Rotshildlar oilasi hamda italiyalik Anellilar oilasi nazorat qiluvchi Exor investitsion kompaniyasiga tegishli. Ayni paytda, The Economistning xarid ulushiga egalik qiluvchi Anellilar oilasi esa La Stampa, Corriere della Sera, La Gazzetta dello Sport, El Mundo singari gazeta va jurnallarni tasarruf etadi.

Top