07:41 / 11.08.2015
26584

Urganchda odamlarning halok bo‘lishiga nimalar sabab bo‘ldi?

O‘zbekistonda Urganchda sodir bo‘lgan mudhish voqeaga o‘xshash voqea kamdan-kam uchraydi. Bunday holatlar YTHlarda, yong‘inlarda yuz berishi mumkin. Biroq Urganchdagi “Yoshlar ko‘li” madaniyat va istirohat bog‘ida sodir bo‘lgan voqea butun O‘zbekistonni larzaga soldi.

Fojia 8 avgust kuni, shanba oqshomi bu mo‘'jaz bog‘ga an'naviy ravishda minglab odamlar xordiq chiqargani kelgan paytda yuz berdi. Guvohlarning aytishicha, bu gal bog‘da odatdagidan ko‘proq odam yig‘ilgan edi. Bunga ko‘ldagi sun'iy orolda Xorazm viloyatida yoshlar orasida ommalashgan yosh xonanda Navro‘z Sobirovning konsert berayotgani sabab bo‘lgan. Kontsertni tomosha qilish ilinjida yuzlab odamlar o‘sha mudhish ko‘prik ustida yig‘ilishgan. Kontsert odamlarning olqishlari, hayqiriqlari sadosi bilan boshlanib, sal o‘tmay to‘siqlarning sinishi, suvga yiqilayotgan odamlarning shovqin-suronlari bilan tugadi. Favqulotda hodisa qurbonlarga olib keldi.

Ushbu holat yuzasidan tuzilgan Hukumat komissiyasi voqea sabablarini o‘rganmoqda, internetda esa bu fojia katta bahs-munozaraga sabab bo‘lmoqda. Kimdir ko‘prik xavfsizlik talablariga javob bermaganini aytib, quruvchilarni uquvsizlikda ayblasa, kimdir ushbu konsertni tashkil qilib, xavfsizlik choralarini ko‘rmaganlarni ayblamoqda. Yana kimlardir o‘zini haddan ziyod jo‘shqin tutgan odamlarni ayblamoqda.

“Hozir hamma quruvchilarni ayblay boshlaydi. Biroq istalgan konstruksiya o‘zining mustahkamlik chegarasiga ega. Men to‘siqlarni payvandlashda ba'zi joylarda nuqsonlar bo‘lganini istisno etmayman, biroq bu to‘siqlar unga yuzlab odamlar yotib olishi uchun qilinmagan. O‘ylashimcha, ko‘pchilik odamlar bu to‘siqlarga bor gavdalari bilan tiralib olishgan, ba'zilar esa ularga farzdanlarini o‘tkazib qo‘ygandirlar, ba'zi yoshlar esa oyoqlarini osiltirib unga o‘tirib olgan bo‘lishlari ham mumkin. Yevropa, Lotin Amerikasi futbol maydonlarida muxlislardan himoya qilish uchun to‘siqlardan foydalaniladi. Bu to‘siqlar omma ularga hujum qilishi mumkinligini hisobga olib ishlanadi. Lekin bu yerda avvalboshda bunday vazifa turmagan. Tashkilotchilarning mas'uliyatsizligi tufayli ko‘plab odamlar qurbon bo‘ldi”, deb yozmoqda Doniyor Anorbayev ismli foydalanuvchi.

"Shak-shubhasiz, ko‘prik quruvchilari ham, konsert tashkilotchilari ham javobgarlikka birday tortiladilar. Biroq bu fojiada odamlarning o‘zi ham qisman sababchi bo‘lmoqda, chunki ularda ba'zan oddiygina o‘zini tutish odobi yetishmaydi. Hammamiz xalq sayllarida va bayramlarda ba'zi odamlar, shu jumladan yoshlar, o‘zlarini axloqsizlarcha tutib ko‘chalarni ifloslantirayotganlari, to‘siqlardan sakrab o‘tayotganlari, o‘zlarini kaltafahmlarcha tutayotganlarining guvohi bo‘lganmiz. Biroq qizig‘i, bizlar bundaylarga befarq bo‘lib qolganmiz", deydi yana bir internet foydalanuvchisi.

"Bu yerda mutassadi muassasalar xodimlari ham o‘zlarini yaxshi tomondan namoyon qildilar, deb ayta olmaymiz. Nima uchun ular bunchalik ko‘p miqdordagi odamlarning ko‘prikda yig‘ilishlariga ruxsat berdi? Nima uchun tartibni nazorat qilmadi? Axir, 100 kishidan iborat bo‘lgan tadbirlar militsiya xodimlarisiz o‘tkazilmasligi ko‘zda tutilgan-ku? 

Nima uchun qutqaruv xizmati o‘z vaqtida javob bermadi? Agar bu bog‘da shunday xizmat bo‘lgan bo‘lsa hali... Xavfsizlik xizmatlarining mas'uliyatsizligi ham bu fojiaga katta darajada sabab bo‘lgan. Agar ular o‘z vazifalarini to‘laqonli ado etishganda, balki bunday og‘ir musibat bo‘lmasmidi...

Fojia qurbonlarining yaqinlariga hamdardlik bildiramiz, jarohat olganlarga esa tezroq tuzalib ketishlarini tilab qolamiz", deyiladi telegraf.uz nashrida.

Top