08:39 / 12.08.2015
8774

O‘zbekiston Rossiya tomonini Toshkentdagi Pushkin haykali ko‘chirilishi haqida ogohlantirdi

Rossiya Tashqi ishlar vazirligi O‘zbekiston hukumati Rossiya elchixonasini Toshkent shahrida davom etayotgan arxitekturaviy yangilanishlar munosabati bilan Pushkin haykalining boshqa joyga ko‘chirilishi rejasi to‘g‘risida ogohlantirganini ma'lum qildi.

Rossiya tashqi ishlar vazirligi xabarida qayd etilishicha, mazkur yodgorlik o‘zida uzoq yillar davomida buyuk shoir qoldirgan ma'naviy merosning respublikalar madaniyati, rus-o‘zbek madaniy aloqalarining mustahkamlashida bemisl rol o‘ynaydi.

“Rossiyalik vatandoshlar va o‘zbek jamiyati shoir ijodi va hayoti bilan bog‘liq xotira kunlarida uning poyida jam bo‘lish an'anaga aylanib ulgurgan”, deyiladi RIA Novosti nashri xabarida.

Shu munosabat bilan Rossiya tomoni yodgorlikning ko‘chirilishida yangi o‘rnatilgan joyning shaharliklar tashrif buyurishi va u yerda turli madaniy tadbirlarning o‘tkazilishi uchun qulay bo‘lishi taklifi bildirildi. O‘zbekiston tashqi ishlar vazirligi Rossiya TIVning mazkur taklifini qiziqish bilan qarshi oldi, deya qo‘shimcha qilinadi xabarda.

Xabar so‘ngida qayd etilishicha, O‘zbekistondagi rus madaniy markazi Toshkent shahar hokimiyatiga yodgorlikning qulayroq joyga ko‘chirilishi taklifi bilan yuzlangan. Uning avvalgi o‘rni esa katta shohko‘chalar kesishmasida joylashgan bo‘lib, ommaviy tadbirlarning o‘kazilishida noqulaylik tug‘dirar edi.

Arxitektura va qurilish davlat qo‘mitasi rahbari o‘rinbosari Azamat To‘xtayevning ma'lum qilishicha, Pushkin haykali o‘rnatilishi ko‘zda tutilgan yangi joy yangi madaniy obekt – “Pushkin davri” bog‘iga aylantiriladi. Ushbu istirohat bog‘idagi ishlar avgust oyi oxirlariga qadar davom etadi.

Toshkent shahridagi Pushkin haykali shoir tavalludining 175 yilligi munosabati bilan 1974 yili bunyod etilgan edi. Bronza va granitdan ishlangan yodgorlik rossiyalik haykaltarosh Mixail Anushkin ijodiga mansub. Har yili 6 iyun – rus tili kuni va Pushkin tavalludi munosabati bilan bu yerda tantanali marosim o‘tkazilib, uning poyiga gullar qo‘yiladi.

Top